Davlat va jamoat arbobi Nazir Rajabov 84 yoshida vafot etdi. Namangan viloyati hokimligi uning vafoti munosabati bilan ta’ziya bildirdi.

Nazir Rajabov 1939-yil 9-may kuni Buxoro viloyatida tug‘ilgan. O‘rta Osiyo politexnika institutini muhandis-mexanik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan.

1978−1984-yillarda O‘zbekiston SSR qurilish vaziri lavozimida ishlagan. 1984−1987-yillarda Namangan viloyatini, 1987−1988-yillarda esa Samarqand viloyatini boshqargan.

“Shu davrlarda har ikki viloyatda ham keng ko‘lamli qurilish va bunyodkorlik ishlari amalga oshirildi, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishlarda katta yutuqlarga erishildi”, — deyiladi Namangan viloyati hokimligi xabarida.

U SSSR Davlat mukofoti, O‘zbekiston SSR Davlat mukofoti kabilarga loyiq ko‘rilgan.

“Nazir Rajabovning paxta yig‘im-terimidan talabalar, maktab o‘quvchilari va ularning o‘qituvchilarini, vrachlar va hamshiralarni, viloyat partiya qo‘mitasi va ijroqo‘midan biriktirilgan xodimlarni qaytarishi chinakam bayramga aylandi. Odamlar bu insonning ma’naviy jasoratiga, oqilligiga tan berishdi. Aniqroq qilib aytadigan bo‘lsak, viloyat birinchi rahbarining talabiga ko‘ra, har kim o‘z joyida o‘ziga topshirilgan ish uchun javob berish tizimiga o‘tildi”, — deya marhumning zamondoshi Akram Aminovning so‘zlarini keltiradi Zarnews nashri.