Tarmoqlarda Toshkent viloyati Olmaliq shahrida ichimlik suviga qon qo‘shilib oqayotgani aytilgan videomurojaat tarqaldi.

Unda aytilishicha, ichimlik suvi tushishi kerak bo‘lgan krandan qon oqqan. Bu holat yuzasidan uy egalari bir necha marotaba murojaat qilgan, ammo muammo hal etilmagan.

“Suvimizga truba yorilishi oqibatida kushxonaning hamma qonlari oqib kelib, qo‘shilib ketadi. Biz shuni har doim ichib, kasal bo‘lyapmiz… Ko‘ryapsiz, qon oqyapti, hidi sassiq. Bolalar ichib, kasal bo‘lyapti”, — deyiladi videomurojaatda.

Shahar hokimligi bu murojaat yuzasidan munosabat bildirdi. Unga ko‘ra, Olmaliq shahrining Ramazon mahallasidagi bir necha xonadondagi ichimlik suvi jo‘mraklaridan qonli suv oqishi kuzatilgan.

“„Suv ta’minoti“ korxonasi mas’ullarining holat yuzasidan dastlabki ma’lumot berishicha, bu kushxonadagi oqova suv va ichimlik suv quvurining teshilib, o‘zaro qo‘shilib ketishi sababli kuzatilgan”, — deyiladi xabarda.

Hokimlik holat mas’ullar tomonidan nazoratga olinib, ta’mirlash-tiklash ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

“Daryo”ning yozishicha, ichimlik suvi quvuri yangilanmoqda.

“15 ta xonadon vaqtida imkoniyatidan kelib chiqib, quvur tortgan va xonadonlariga ichimlik suvini olib borgan. O‘tgan vaqt davomida quvur chirib, teshilgan va kushxonadan chiqqan suvlar bilan aralashib, shunday holat yuzaga kelgan. Ayni paytda muammo bartaraf etilmoqda. Ichimlik suvi quvuri yangilanmoqda”, — degan “Toshkent suv ta’minoti” MCHJ axborot xizmati rahbari Akbar Tohirov nashr so‘roviga javoban.

Qo‘shimcha qilinishicha, voqea joyiga sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati vakillari ham yetib borib, vaziyatni o‘rganmoqda.