5-oktabr kuni Suriya g‘arbidagi Xoms shahrida joylashgan harbiy kollejga uyushtirilgan dronlar hujumi oqibatida kamida 80 kishi halok bo‘ldi, 240 kishi jarohatlandi. Qurbonlar soni aslida 100 dan oshiq bo‘lgan, deya yozmoqda Reuters.

Nashrning qayd etishicha, mamlakat sog‘liqni saqlash vaziri Hasan Al-Gobash davlat televideniyesiga bergan ma’lumotida o‘limlar sonini kamroq aytgan, 80 kishi, jumladan, olti nafar ayol va olti nafar bola halok bo‘lganini, 240 nafarga yaqin odam yaralanganini ta’kidlagan. Suriya inson huquqlari observatoriyasi esa 100 dan ortiq odam halok bo‘lganini, 125 kishi yaralanganini ma’lum qildi.

Hujum harbiy xizmatchilar va ularning yaqinlari ishtirok etgan bitiruv marosimi vaqtida sodir bo‘lgan. Reuters`ning yozishicha, marosimda Suriya mudofaa vaziri Ali Mahmud Abbos ham ishtirok etgan va dronlar hujumidan bir necha daqiqa oldin tadbirni tark etgan.

Suriya Mudofaa vazirligi hujumda “taniqli xalqaro tomonlar qo‘llab-quvvatlaydigan terrorchilik guruhlari”ni aybladi va hujumga javob qaytarilishiga va’da berdi. Hozirgacha hech bir guruh holat uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga olmadi. Reuters`ning qayd etishicha, kollejga hujum qilinishidan oldin Suriya hukumati kuchlari Idlib provinsiyasining muxolifat nazorati ostidagi hududga hujum uyushtirgan.

Suriya hukumati qurbonlar xotirasiga uch kunlik motam e’lon qildi.