Ummon sultonligi tomonidan odam savdosi jinoyatini sodir etishda gumonlanib, xalqaro qidiruvda bo‘lgan O‘zbekiston fuqarosi IIV Interpol Milliy markaziy byurosi xodimlariga topshirildi, deya xabar bermoqda vazirlik matbuot xizmati.

Qidirilayotgan shaxs 2022-yilda bir guruh shaxslar bilan Birlashgan Arab Amirliklari va Ummonda “yaxshi maoshli ish va go‘zal hayotni” va’da qilib, qizlarni chet elga olib kelgan. U yerda sheriklari bilan jabrlanuvchilarning pasportlarini olib qo‘yib, ularni fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan.

Jinoyatchini qo‘lga olish va O‘zbekistonga ekstraditsiyasini ta’minlash Toshkent va Maskat Interpol Milliy markazi byurolari o‘rtasida o‘rnatilgan hamkorlik va tezkor-axborot almashinuvi tufayli amalga oshirildi.