Niderlandiya poytaxti Amsterdam shahri ma’muriyati 80 foiz ko‘chalarda ruxsat etilgan maksimal tezlikni soatiga 50 kmdan 30 kmgacha pasaytirishga qaror qildi. Yangi tartib 8-dekabrdan kuchga kiradi, deya xabar berildi shahar ma’muriyati saytida.

Yangi tezlik chegarasini joriy qilish bo‘yicha ishlar 2-oktabrdan boshlangan. Rasmiylar yangi belgilarni o‘rnatish, haydovchilarni ogohlantirish bilan shug‘ullanmoqda. Shahar saytida o‘zgarish bo‘ladigan ko‘chalarning batafsil xaritasi mavjud.

Tezlik chegarasi pasaytirilishi natijasida haydovchilarda yo‘ldagi voqealarga reaksiya qilish uchun vaqt ko‘proq bo‘ladi, tormozlanish yo‘li qisqaradi. Bular orqali jiddiy yo‘l-transport hodisalari soni 20−30 foizga kamayishi kutilmoqda.

“Bunday tezlikda piyodaning YTHdan omon qolish ehtimoli 95 foizni tashkil qiladi. Bundan tashqari, bizning fikrimizcha, transport shovqini ikki baravar kamayadi. Shahar tinchroq va ko‘chada harakatlanish yanada yoqimliroq bo‘ladi”, — deyiladi xabarda.

Yo‘lning alohida ajratilgan bo‘lagida harakatlanuvchi jamoat transporti uchun tezlik chegarasi pasaytirilmaydi. Alohida bo‘lak bor yo‘llarda jamoat transporti soatiga 50 kmgacha tezlikda harakatlanishda davom etishi mumkin va bunday bo‘laklar soni ko‘paytirilishi rejalashtirilmoqda. Ko‘chalar bosqichma-bosqich rekonstruksiya qilinib, yangi tezlik me’yorlari ularni loyihalashda inobatga olinishi ta’kidlangan.

Politsiya, tez yordam va o‘t o‘chiruvchilar, favqulodda vaziyatlarda tezroq harakatlanishi mumkin bo‘ladi.

“Amsterdamdagi barcha transport oqimi muhim bo‘lib qoladi. Shaharda 30 km/soat tezlikni joriy qilishdan oldin ham, keyin ham. Shuning uchun, biz mashinani haydashni qiyinlashtiradigan sun’iy notekislik kabi narsalarni imkon qadar kamroq joriy qilamiz. Yangi tezlik o‘rnatilgandan keyin oqimni yaxshilash uchun svetoforlarni qayta sozlaymiz. Tajribadan bilamizki, 30 km/soat tezlik chegarasi joriy etilgandan so‘ng, haydovchilar uchun sayohat vaqti ko‘paymaydi. Lekin buni aniq bilish uchun avval yangi tezlik joriy etilishi kerak”, — deyiladi xabarda.