Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — “Zakovat” teleo‘yini boshlovchisi, “Zakovat intellektual klubi” NNT prezidenti Abdurasul Abdullayev.

Mutolaa haqida

Kitob, mutolaa, bilim haqida nimaiki intervyu bo‘lsa, men har doim birinchilardan bo‘lib tayyorman. “Vaqtim yo‘q” demayman bunday narsalarga. Chunki mening bugungi darajaga yetishimga aynan o‘qigan kitoblarim sababchi bo‘lgan, deb bilaman.

Bolaligimda bog‘larimiz bo‘lardi. Men 4−5-sinfligimdan shu bog‘larda otamga qarashardim. Yozgi ta’tilda kechalari ham qolib ketardim bog‘da — uzumlar, har xil boshqa mevalar pishgan, qo‘riqlash kerak. Zerikardim. Keyin uyga borganda qo‘limga nimaiki kitob tushsa, olib keladigan bo‘ldim. Uyda oxiri men o‘qimagan kitob qolmagan. 4−5-sinfda hatto “Anna Karenina"ni ham o‘qiganman. “Anna Karenina” 600−700 sahifali kitob, uyda shuning 400 beti bor ekan — 300-betdan boshlangan, boshi yo‘q. O‘qiyman-o‘qiyman, lekin kitobning boshi yo‘qligi uchun, hech tushunmayman. O‘sha vaqtda maktabdagi o‘qituvchilardan ham so‘raganman, lekin ular ham o‘qimagan, bilmagan. Boshida nima bo‘lgan bo‘lishi mumkin, deb rosa o‘ylaganman, keyin mantiq yuritib, o‘zimcha bir narsa to‘qiganman. Maktabni bitirib, Teatr va rassomchilik institutiga o‘qishga kirganimdan keyin birinchi qilgan ishim — institut kutubxonasidan “Anna Karenina"ni topib o‘qish bo‘lgan.

Xullas, o‘shanda kitob, mutolaa olamiga kiib qolganimni o‘zim ham tushunmaganman. Yoshligimda juda ko‘p kitob o‘qirdim. Maktabda darslar tezroq tugasayu, tezroq uyga borsamu, kitobimni o‘qisam — mana shunday xohish-istak kuchli edi. Mehrim tushib qolgan kitobga. Kitobsiz yurmasdim, doim qo‘limda kitob bo‘lardi. Bolalar bilan futbol yo boshqa biror o‘yin o‘ynasak, kitobimni daraxtga qistirib yo biror buta ustiga qo‘yardim-da, o‘yin tugagach, yana ko‘tarib ketardim. Kitob bo‘lmaganida edi, bilmadim, men qo‘yib boqib, bog‘bonlik qilib o‘tib ketarmidim, balki.

Hozir “odamlar kitob o‘qimay qo‘ydi” degan gapni ko‘p gapirishadi. Odamlar kitob o‘qimay qo‘yganiga men juda 100 foiz ishonmayman — o‘qiyotganlar bor. Masalan, yo‘lda qulog‘iga “naushnik” (quloqchin)ni tiqib olib, audiokitob eshitib ketadiganlar bor — bu ham mutolaaning bir turi. Lekin 70 foiz atrofida kitob o‘qimaydiganlar guruhi paydo bo‘lib qolyapti. Xudoga ming qatla shukr, o‘sha qolgan 30 foizni mahkam ushlashimiz kerak. Shu 30 foiz orqali qolganlarga ta’sir ko‘rsatishimiz, ularni ham mutolaaga jalb qilishimiz kerak.

Bolalarni maktab paytidan bolalarni kitob o‘qishga jalb qilishimiz kerak. Maktabda o‘qiyotgan bolaning qo‘liga 500 dollarlik telefon berib qo‘yamiz. Telefon bo‘lsin, lekin kitob ham o‘qisin. Ota-onalar targ‘ib qilishi kerak, ota-onalar o‘rgatishi kerak. “Bolaning ko‘zi ochilmagan payti” degan gap bor-ku, 4-sinfgacha shunday. Keyin bola ostona xatlab ko‘chaga chiqdimi, ko‘chani hidini sezdimi, ko‘chadagilar nima qilsa, shuni qiladigan bo‘ladi. Shuning uchun ham hozir aksariyat yoshlarimiz xuddi inkubatordan chiqqandek bir xil. Bir xil fikrlaydi, boshida bir xil o‘y. Kitob o‘qigan bolalarda bunday bo‘lmaydi, boshqacharoq fikrlaydi. Men hozirgi bolalarga doim aytaman — kitob o‘qish kerak, kitob kelajagingni ta’minlaydi.

Bir-ikki kishi yuzimga aytgan-da: “Man umuman kitob o‘qimayman, nima keragi bor boshimni achitib?”, deb. Ularga gapirishning foydasi yo‘q, lekin savol tug‘iladi-da: kitob o‘qimasa, biror narsani o‘rganmasa, biror narsani bilmasa, dunyoda yashashdan nima maqsad? Yeb-ichishmi faqat? Mayli, har kuni choyxonalarda oshlarni yer, mazza qilib, maishatda hayot kechirar, oxiri o‘ladi-ketadi — nima qoladi undan? Nimaga erishadi bu inson? Odam dunyoga kelganidan keyin nimadir qilishi kerakmi? Nimanidir his qilishi kerakmi? Hayotni chuqurroq bilishi kerakmi? Boshni og‘ritmayman deb kitob o‘qimaslik — g‘irt vahshiylik…

Men asosan o‘zbek va rus tillarida o‘qiyman. Avvallari bir kitobni o‘qib bo‘lib, keyin boshqasiga o‘tardim. Hozir bir joyga borsam, bitta kitob olaman, boshlayman, keyin boshqa bir kitob qo‘limga tushib qoladi. Masalan, “Temur tuzuklari"ni anchadan beri o‘qiyman deb yurardim — nega butun dunyo unga intiladi, faqat Amir Temur haqidami yo boshqa narsa ham bormi ichida — shu savollar bilan mutolaaga kirishgandim, bir tarjimon do‘stim Isay Kalashnikovning Chingizxonning bolaligi haqidagi kitobini tarjima qilgan ekan, “o‘qib ko‘r” deb berdi.

Chingizxonning bolaligini umuman boshqacha tasavvur qilardim, aslida u umuman boshqa toifa inson bo‘lgan ekan, bu kitobdan ko‘p narsani bilib oldim. Agar Chingizxon yashagan davr, atrof-muhit boshqacharoq bo‘lganida edi, undan, ehtimol, katta olim chiqardi — u shunday odam bo‘lgan ekan. Lekin atrofdagilarning bari vahshiylar, bir-birini g‘ajishga tayyor odamlar. Shunday muhitda u qanday liderga aylanganini ham mutolaa davomida tushunib yetdim.

Hozir shu ikki kitobni o‘qiyapman, hali tugatganim yo‘q — bir gal bittasidan, keyin boshqasidan 20−30 bet mutolaa qilaman. Xullas, bir vaqtning o‘zida bitta kitob o‘qiysizmi yo ikkita kitob o‘qiysizmi, farqi yo‘q — qanday o‘qisangiz ham kitob o‘qish kerak.

So‘nggi o‘qilgan kitoblardan tavsiyalar

Ales Adamovich, Daniil Granin. “Блокадная книга”.Ales Adamovich, Daniil Granin. “Блокадная книга”.

Men Ikkinchi Jahon urushi tarixiga qiziqaman (so‘nggi vaqtlarda sezgan bo‘lsangiz, “Zakovat"da ham shu urush tarixiga doir savollar ko‘paydi). Shuning uchun Daniil Granin va Ales Adamovich yozgan “Blokada kitobi"ni o‘qib chiqdim. Urush haqida filmlar, romanlar ko‘p, lekin ularda urush badiiylashtiriladi, ularga to‘qima obrazlar, to‘qima holatlar kiritiladi. “Blokada kitobi” esa aynan shunday to‘qimalardan xoli, urush haqidagi haqiqatlarni ochib beruvchi bir asardir.

Keyingi vaqtlarda memuar kitoblar, biografik asarlarga juda ishqiboz bo‘lib qoldim. Romanlardan farqli o‘laroq, bunday ijodiy ishlanmalar haqiqatda bo‘lgan voqealar haqida, faktlar ham haqiqatga yaqinroq. Muallif qayerdadir nimadir to‘qimami, badiiy biror narsami qo‘shgan bo‘lishi mumkin, lekin umuman olganda faktlarga asoslangan. Mening yoshimga, mening hozirgi kayfiyatimga shunday kitoblar maqbul ekan, deb o‘ylab qoldim.

Uolter Ayzekson. “Benjamin Franklin”.Uolter Ayzekson. “Benjamin Franklin”.

Biografik asarlar olamiga kirib qolishimning ham o‘ziga xos tarixchasi bor. Ilon Mask haqidagi maqolalar, uning intervyularini o‘qirkanman, u Benjamin Franklinni ko‘p misol qilib keltirishiga guvoh bo‘ldim. Shundan keyin Benjamin Franklinga qiziqib qolib, uning Uolter Ayzekson tomonidan yozilgan biografiyasini o‘qib chiqdim.

Uolter Ayzekson. “Stiv Jobs”. Sotib olish.Uolter Ayzekson. “Stiv Jobs”. Sotib olish.

Benjamin Franklindan so‘ng Uolter Ayzekson tomonidan yozilgan boshqa kitob biografik asarlar — “Stiv Jobs”, “Albert Eynshteyn"larni ham o‘qib chiqdim. O‘rni kelganda ta’kidlab ketay — 10−11 sinf bolalar shu kitoblarni o‘qishi kerak, bu kitoblar ularning dunyoqarashini kengaytiradi, bu asarlar o‘qigan bolalar o‘zini katta ishlarga chog‘laydi.

Georgiy Daneliya. “Безбилетный пассажир”.Georgiy Daneliya. “Безбилетный пассажир”.

“Afonya”, “Kuzgi marafon”, “Mimino”, “Kin-dza-dza” filmlarini juda yaxshi ko‘raman. Ularning ohangi, temporitmasi juda yoqadi va qayta-qayta ko‘raveraman. Sanagan filmlarimning bari rejissyor Georgiy Daneliya tomonidan suratga olingan. U kim edi, nega uning hamma asarlarida kulgi ham boru, lekin o‘zgacha bir sokinlik ham hukmron, u qanday qilib bunaqangi dunyoqarashga ega bo‘lib qolgan, u faqat gruzinmi yo boshqa karomatlari ham bormi — shu kabi savollarga javob topay deb, uning memuarlarini ham o‘qib chiqdim.

Indira Gandining Nikolay Nadejdin tomonidan yozilgan biografiyasi bilan tanishdim — buni Hindiston tarixi desa ham bo‘ladi. Agata Kristining avtobiografiyasini o‘qib chiqdim. Aytdim-ku, bir juda berilib ketdim-da biografiyalarga va bu narsa, qaysidir ma’noda, menda ham memuar yozish istagini uyg‘otdi, so‘nggi bir-ikki yildan beri shu haqda o‘ylab yuribman. Men juda Franklin yo Agata Kristi bo‘lmasam ham, o‘ziga yarasha bir jarayonni boshdan kechirganman — “Zakovat” va uning atrofidagi ishlar, qanday qilib televideniyega kelib qolganim, bu ishlarga bolaligimdan o‘zim bilmagan holda qanday qilib poydevor qo‘yganim — shular haqida yozishni niyat qilganman. Memuar deb katta gapirmayligu, lekin o‘zim ko‘rgan-bilganlarimni “Zakovat haqida haqiqatlar” deganga o‘xshash nom bilan yozish niyati bor.

Yoshlarga tavsiyalar