Ichki ishlar vazirligi jinoyat sodir etgan yoki jinoyat qilishi, g‘ayriijtimoiy xatti-harakatlarni sodir etishi mumkin bo‘lgan hamda nazoratsiz va qarovsiz qolgan voyaga yetmaganlarning ro‘yxatini shakllantiradi. Bu bo‘yicha hukumat qarori loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.

Loyihada tarbiyasi og‘ir o‘smirlarni mustaqil hayotga tayyorlash davrida ular bilan yakka tartibda ishlash uchun mutasaddilar tomonidan otaliqqa olish tartibini joriy etish belgilangan. Bunda “Oila — mahalla — maktab — mustaqil hayot” tamoyili asos qilib olingan.

Loyihaga ko‘ra, voyaga yetmagan shaxslarni otaliqqa olish huquq-tartibot idoralarining, barcha darajadagi davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari va o‘rinbosarlari, hokimliklar, ta’lim muassasasi direktorlari va mahalla raislari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek, otaliqqa olgan mutasaddilar har 6 oyda bir marta tuman (shahar) hokimlariga amalga oshirgan ishlari yuzasidan hisobot berib boradi.

Hujjatning qabul qilinishi voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish hamda ularni mustaqil hayotga tayyorlashda otaliqqa olish tartibini joriy qilishga xizmat qiladi, deya ta’kidlanadi loyihada.

Avvalroq Farg‘ona viloyatida og‘ir jinoyatlarning 20 foizini, o‘ta og‘ir jinoyatlarning esa 43 foizini aynan Qo‘qonda yashovchi voyaga yetmaganlar sodir etgani haqida xabar berilgandi. Prezident bu butun respublika bo‘yicha eng yomon ko‘rsatkich ekanini aytgan.