“Farg‘ona” chegara bojxona postida 83 dona O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqalarining noqonuniy olib chiqib ketilishiga chek qo‘yildi, deya xabar bermoqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati.

Chegara bojxona posti xodimlari DXX Chegara qo‘shinlari xodimlari bilan hamkorlikda qo‘shni davlatga harakatlanayotgan Damas mashinasini belgilangan tartibda ko‘zdan kechirgan. Natijada uning salonida hayvonlarni tashish qoidalariga zid ravishda konteynerga joylangan, tegishli hujjatlari bo‘lmagan 83 dona toshbaqalar borligi aniqlangan.

Toshbaqalar Farg‘ona hayvonot bog‘i mutaxassislari ishtirokida ko‘zdan kechirilgan. Ular O‘zbekiston “Qizil kitobi”ga kamayib borayotgan tur sifatida kiritilgan O‘rta Osiyo cho‘l toshbaqasi ekani va 5 donasi noto‘g‘ri tashilgani sababli zararlangani ma’lum bo‘lgan. Hayvonlarga tibbiy muolajalar ko‘rsatilgan.

Jonzotlar sudning yakuniy qarori chiqqunga qadar vaqtincha saqlash uchun hayvonot bog‘iga topshirilgan. Hozirda mazkur holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.