O‘zbekistonda moddiy madaniy meros obyektlari joylashgan hududlarga bir martalik plastik mahsulotlarni olib kirish, sotish va ishlab chiqarish taqiqlanishi mumkin. Buni nazarda tutuvchi qonun loyihasi muhokamalar portaliga joylashtirildi.

Taqiqlanayotgan plastik mahsulotlar (tabiiy organik polimer maxsulotlar mustasno) sirasiga stakanlar, naychalar, muzqaymoq tayoqchalari, paxta tayoqchalari, qadoqlash plyonkasi va ayrim turdagi polietilen paketlari kiradi.

Bu tartibni buzganlik uchun quyidagi javobgarliklar joriy etiladi:

  • bunday hududlarga bir martalik plastik mahsulotlar olib kirish, sotish va ishlab chiqarish bazaviy hisoblash миқдорининг (BHM, u hozirda 330 ming so‘m) 2 baravaridan 5 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 5 baravaridan 10 baravarigacha;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ancha miqdordagi qiymatda sodir etish fuqarolarga — BHMning 10 baravaridan 15 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 15 baravaridan 20 baravarigacha;
  • xuddi shunday huquqbuzarlik ko‘p miqdordagi qiymatda sodir etish — fuqarolarga BHMning 20 baravaridan 25 baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa — 25 baravaridan 30 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Shuningdek, loyihada faoliyati natijasida oqova suv hosil qiluvchi xo‘jalik yurituvchi subyektlarni markazlashtirilgan oqova suv tizimiga ulash yoki muqobil tozalash uskunalari bilan jihozlash majburiyatini kiritish ham reja qilinmoqda.

Bunda, ushbu majburiyatni bajarmagan jismoniy shaxslarga nisbatan BHMning 50 baravaridan 100 baravarigacha, yuridik shaxslarga nisbatan — BHMning 100 baravaridan 300 baravarigacha bo‘lgan miqdorda moliyaviy jarimalar qo‘llash ko‘zda tutilgan.

Ushbu loyiha qabul qilinib, qonun hujjatlari bilan belgilangan tartibda imzolangandan so‘ng 2026-yilning 1-iyulidan kuchga kirishi ko‘rsatilgan.