Sog‘liqni saqlash vaziri Ajar Giniyat Qozog‘istonda 21 yoshgacha bo‘lgan shaxslarga energetik ichimliklar sotish taqiqlanishi mumkinligini ma’lum qildi. Bu haqda Tengrinews.kz xabar qildi.

“Bugun “Xalq salomatligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi doirasida parlament deputatlar tashabbusi bilan 21 yoshga to‘lmagan shaxslarga energetik ichimliklar sotishni taqiqlash to‘g‘risidagi normani ko‘rib chiqmoqda”, — dedi Giniyat hukumat brifingida.

Uning ta’kidlashicha, Sog‘liqni saqlash vazirligi qonunni qo‘llab-quvvatlagan.

“Bu yoshlar va bolalarning energetik ichimliklar iste’mol qilib, o‘z sog‘lig‘iga zarar yetkazayotgani uchun qilinmoqda. Bu me’yor haligacha muhokama qilinmoqda, hali qabul qilinmagan. Yaqin kunlarda ushbu qonun loyihasi Senatga yuborilishini kutmoqdamiz”, — deydi vazir.

Qozog‘istonda energetik ichimliklarni iste’mol qilish taqiqlanmagan, ammo 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun “tavsiya etilmaydi”.