Toshkentdagi Central Asian University universitetida (sobiq Akfa universiteti) ikki yillik tayyorgarlik kurslarini tamomlab, darhol ikkinchi kursga o‘qishga qabul qilingan talabalar bilan bog‘liq mojaro avj oldi.

Akfa University Part-Time Student kurslari 10−11-sinf o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Ushbu kurslar internetda keng reklama qilingan, jumladan, “Gazeta.uz"ga ham joylashtirilgandi.

Payshanba kuni ushbu kurslarni tamomlab, bu yil ikkinchi kursda o‘qishni boshlagan talabalar hamda ularning ota-onalari “Gazeta.uz"ga darslarga qo‘yilmaganini ma’lum qildi. Universitetning yangi rahbariyati avvalgi rektor tomonidan qonunbuzarliklar sodir etilganini va ikkinchi kursga qabul qilingan talabalar o‘qishni davom ettira olmasligini, chunki bu qonunda ko‘zda tutilmaganini bildirdi.

Talabalarning so‘zlariga ko‘ra, ular kiraverishdagi yuzni tanish tizimida to‘sib qo‘yilgan, talabalik kartalari esa taqdim etilganida olib qo‘yilgan. Ular, shuningdek, ikkinchi kursga kirish uchun zarur bo‘lgan to‘plagan kreditlari bekor qilinishidan xavotirda.

akfa universiteti, cau, central asian university

Ular va ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, bu xabar ular uchun haqiqiy shok bo‘lgan. Ko‘pgina talabalar kuchli stresga tushgan. Yangilik o‘quv yili boshlanib bo‘lganida chiqqani sababli, endi ular boshqa universitetga kirish imkoniga ham ega emas.

“Gazeta.uz” suhbatlashgan ota-onalar kurslar uchun 40 mln so‘m (yiliga 20 mln so‘mdan) to‘laganlarini, shuningdek, shartnoma imzolab, o‘quv yili boshi uchun shartnoma summasining bir qismini to‘lab qo‘yganini ma’lum qilishdi. Universitetdagilar, ota-onalarning so‘zlariga ko‘ra, xohlagan joyda shikoyat qilishlari mumkinligi aytgan.

Payshanba kuni ota-onalar universitet rektori Kamron G‘ulomov va kuzatuv kengashi rahbari Abdujabbor Abduvohidov (2018-yil avgustidan 2022-yil avgustigacha O‘zbekiston prezidentining yoshlar, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash, madaniyat va sport masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimida ishlagan). Uchrashuv bir necha soat davom etdi. Ijtimoiy tarmoqlarda tomonlar baland ovozda gaplashayotgan videolar paydo bo‘ldi.

Juma kuni ota-onalar Vazirlar Mahkamasiga borishdi va u yerda ularning arizasi qabul qilindi.

Shanba kuni sobiq rektor Behzod Jalilov bilan ota-onalar va talabalar yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ishtirokchilarining aytishicha, OTMning sobiq rahbari “savollarga javob berdi, hujjatlarni ko‘rsatdi va hammasi qonuniy ekanini aytdi”.

Ota-onalar yordam so‘rab Akfa kompaniyasi ofisiga ham borishgan. Murojaatchilar kompaniya rahbariyati vakillari ularni tinglab, bir hafta ichida javob berishga va’da qilganini aytishdi.

Central Asian University bayonoti

Shanba kuni universitet vaziyat yuzasidan rasmiy bayonot berdi. Unda aytilishicha, ikki yil muqaddam Akfa universitetining sobiq rektori Bekzod Jalilov tomonidan “ta'sischisidan yashirin holda, firibgarlik yo‘li bilan o‘ziga qo‘shimcha mablag‘ ishlash maqsadida” “Study for the success” MCHJ tashkil etilgan. “Amaldagi qonunlarga xilof yo‘l bilan” ushbu kompaniya nomidan ota-onalar bilan shartnomalar tuzgan.

“Shartnomaga muvofiq ota-onalarga ularning farzandlari maktabning 10−11-sinflarida o‘qish bilan bir vaqtning o‘zida Akfa universitetining 1-bosqichini o‘qib tugatishi va maktabni bitirishi bilanoq universitetning 2-bosqichiga qabul qilinishi MCHJ tomonidan va’da qilingan va ota-onalar ushbu xizmat evaziga MCHJ hisob raqamiga muayyan to‘lovlarni qilishgan”, — deyiladi xabarda.

“Study for the success” hisobiga tushgan pullar “MCHJ tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan”, deya tasdiqlamoqda OTM.

“Ushbu MCHJning Akfa universitetiga hech qanday aloqasi yo‘q. O‘quvchilarni maktabda o‘qib turgan vaqtida universitet dasturlariga qabul qilish ham qonunchilikka zid (“Ta’lim to‘g‘risida“gi qonunning 11-moddasi, “Oliy ta’lim to‘g‘risida” nizom) MCHJ ta’sis hujjatidan ko‘rinib turibdiki, u sobiq rektorning yaqin qarindoshi tomonidan ta’sis etilgan, kontakt ma’lumotlari ham unga tegishli, o‘zini banklarning birida alohida hisob raqamlari mavjud”, — deyiladi bayonotda.

Central Asian University ushbu ish yuzasidan xuquqni muhofaza qiluvchi organlar, xususan Mirzo Ulug‘bek tumani prokuraturasi tomonidan jinoiy ish qo‘zg‘atilini ma’lum qildi. “Jabrlanuvchilar tuman prokuraturasiga tegishli shikoyat bilan murojaat qilishlari mumkin”, — deya qayd etilgan bayonotda.

Universitet qo‘lida shahodatnomalari (11-sinf) bo‘lgan bolalarni tez kunlarda o‘rnatilgan tartibda universitetning 1-bosqichiga qo‘shimcha qabul qilishini ota-onalarga bildirgan.

“Gazeta.uz” OTMdagi vaziyat yuzasidan batafsil reportaj tayyorlamoqda.