Avgust oyida Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Qibray tumanidagi deyarli barcha rahbarlarni ishdan bo‘shatib, ularning faoliyatini tekshirish bo‘yicha topshiriq bergandi. Viloyat hokimligi rahbar kadrlar tarkibini to‘liq yangilash ishlari (“Qibray tajribasi”) yakuniga yetkazilganini ma’lum qildi.

Deputat, nuroniy va faollardan tarkib topgan maxsus ishchi guruh Qibray tumanida 20 kun mobaynida hokimlik hamda korxona va tashkilotlardagi rahbar hodimlarning faoliyatini to‘liq o‘rgangan. Lavozimiga noloyiq deb topilgan kadrlarni almashtirish to‘g‘risida viloyat hokimligiga tavsiya xatini kiritgan.

Bugungi kunda tuman hokimligi, korxona va tashkilotlardagi 64 nafar rahbar xodimdan 47 nafari lavozimidan ozod etilib, ularning o‘rniga yosh, salohiyatli kadrlar tayinlandi. 17 nafar rahbar kadr tuman hokimining kafolati asosida sinov muddati bilan lavozimida qoldirildi.

Bundan tashqari, tuman hokimligida ishlab kelayotgan 19 nafar rahbar egallab turgan lavozimidan ozod qilindi, 10 nafari ish joyida sinov muddati bilan qoldirildi. Ayni kunlarda qolgan lavozimlarga munosib nomzodlar ko‘rib chiqilmoqda, deyiladi xabarda.

“Hech kimga amal nikohlab berilmagan. Men ketsam, ish to‘xtab qoladi, degan odam xato qiladi. Qibray tumanida kadrlarni isloh qilamiz. Bu mening tashabbusim emas, prezident topshirig‘i. Yer sotsa, amal sotsa, falonchining odamiman deb ishga chiqmasa — qachongacha bunday bo‘ladi. Bu islohotlarning boshlanishi”, — dedi Zoyir Mirzayev.

Rahbar kadrlar tarkibinining yosh koeffitsiyenti bo‘yicha Qibray tumani bugun viloyatda birinchi o‘ringa chiqdi. Lavozimga tayinlanganlarning 25 nafari 25−35 yoshgacha bo‘lgan kadrlardir, deyiladi hokimlik xabarida.

“Ishlay olsa, zamonaviy fikrlay olsa, atrofiga komanda yig‘olsa, ishlaydi. Vaqt o‘tishi bilan amaldan zeriksa, u komanda bo‘lmaydi, „shayka“ bo‘ladi: „siz o‘tiravering, o‘zimiz tinchitamiz. Mana ikkita fuqaro qabulingizga keldi, men qaytarib yubordim“. Fuqaroni tuman hokimini oldiga kiritmay qaytarib yuborgan kadr — rahbarning birinchi dushmani bo‘ladi. Yozib olinglar. Atrofingizda sizga „paxta qo‘yadigan“ odamlar paydo bo‘lgani, sizning amaldan zerikkanligingizga signal. Bu yerga olib kelgan yangi kadrlarni ham o‘zim kafil bo‘lib olib keldim”, — deydi Zoyir Mirzayev.

Eslatib o‘tamiz, Zoyir Mirzayev tumanda qariyb 20 ming fuqaro migrant sifatida xorijda bo‘lib turganini ta’kidlab, buni “Qibray uchun yarashmaydigan holat” deb atagandi.