Davlat xavfsizlik xizmati Samarqand, Surxondaryo va Andijon viloyatlarida noqonuniy yer savdosi bilan bog‘liq holatlarni aniqladi. Bu huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ma’lum bo‘ldi, deyiladi tashkilot xabarida.

Qayd etilishicha, Samarqand viloyati Kattaqo‘rg‘on tumanida yashovchi 56 yoshli shaxs issiqxona qurmoqchi bo‘lgan fuqaroga davlat zaxirasidagi 1 gektar yerni 150 ming dollar evaziga mansabdor tanishlari orqali olib berishini va’da qilgan. Qolaversa, 9 ming dollar evaziga ushbu yerni kadastr tizimidagi tanishlari yordamida uning nomiga rasmiylashtirib bermoqi bo‘lgan. Fuqaro jami 159 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Paxtachi tumanida esa 40 yoshli shaxs o‘zining onasiga tegishli bo‘lgan fermer xo‘jalikning 10,45 gektar yer maydonini mevani qayta ishlash zavodi qurmoqchi bo‘lgan tadbirkorga 900 mln so‘mga sotishga kelishgan. Gumondor buning uchun oldindan 13 ming dollar olgan vaqtida qo‘lga tushdi.

дхх, yer savdosi

Surxondaryo viloyatida Sho‘rchi tumanidagi bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligining muqaddam sudlangan ishchisi mazkur xo‘jalikning 50 sotix yer maydonini xaridorga 45 ming dollarga sotishga kelishgani aniqlandi. U 40 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

дхх, yer savdosi

Andijon viloyati Asaka tumanida yashovchi shaxs bog‘dorchilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jaligiga tegishli 24 sotix yerni xaridorga rasmiylashtirib berish bilan 22,5 ming dollarga sotgan vaqtida ushlandi. Ma’lum bo‘lishicha, xaridor bu joyda kelgusida turar joy qurishni reja qilgan.

дхх, yer savdosi

Hozirda bu shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.