Yaqin orada Jahon savdo tashkilotiga to‘laqonli a’zo bo‘lish O‘zbekiston iqtisodiyotini liberallashtirish yo‘lidagi ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 19-sentabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasining 78-sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, global tahdidlarga qaramasdan, mamlakat iqtisodiyoti “izchil islohotlar” tufayli “barqaror o‘sish sur’atlarini namoyon etmoqda”.

“So‘nggi olti yilda yalpi ichki mahsulot hajmi 1,5 martadan ortiq ko‘paydi. Bizning bosh maqsadimiz — 2030-yilga qadar bu ko‘rsatkichni yana 2 barobarga oshirishdir”, — dedi prezident.

“Xalqimizning turmush darajasini oshirishga qaratilgan siyosat tufayli mamlakatimizda 2017-yildan buyon kambag‘allik ikki barobarga kamaydi. Biz 2030-yilgacha uni 7 foizga tushirishni reja qilganmiz”, — dedi u.

“Aholini ichimlik suvi, sog‘liqni saqlash, ta’lim va boshqa ijtimoiy xizmatlar bilan ta’minlash ko‘lamini bir necha bor oshirishni belgilaganmiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident BMT bosh kotibining “Ish o‘rinlarini yaratish va ijtimoiy himoya global akseleratori” borasidagi tashabbusini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Bu tashabbus doirasida tajriba almashish uchun 2024-yilda BMT shafeligida “Ijtimoiy himoya: barqaror taraqqiyot sari yo‘l” butunjahon konferensiyasini O‘zbekistonda o‘tkazishni taklif qildi.