20-sentabrdan O‘zbekistonda “Yorqin millat” dasturi bo‘yicha yod bilan ta’minlash ishlari boshlandi, deya tashkilotchilar “Gazeta.uz”ga xabar berdi.

Yod preparatlari Sog‘liqni saqlash vazirligi va Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi orqali 3 yoshdan 15 yoshgacha bo‘lgan barcha bolalar uchun bepul taqdim etiladi.

Xar chorshanba yod kuni sifatida bklgilanib, shu kunda mamlakatning barcha maktablari va bolalar bog‘chalarida profilaktik dozada yod tabletkalarini bepul tarqatish amalga oshiriladi.

Homilador va emizikli ayollar, shuningdek, maktabgacha ta’lim muassasalariga bormaydigan bolalar “Yorqin millat” yod bilan ta’minlash dasturi doirasida oilaviy shifokorlar orqali yod preparatlarini bepul oladi. Preparat va doza O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirligining respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tomonidan tanlangan.

“Mamlakatimizda yod tanqisligi darajasi yuqori. Yod tanqisligi bo‘lgan bolalarda intellektual rivojlanish ko‘rsatkichlari pastroq, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘rganishi qiyin bo‘ladi. Holbuki, bolaning tanasida yetarli miqdorda yod bo‘lishi unga maktabda, fan va sportda yaxshi natijalarga erishish va yangi cho‘qqilarni zabt etish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi tashkilotchilar.

Xabarda ta’kidlanishicha, yod tanqisligi:

  • ruhiy va aqliy qobiliyatlarning buzilishi;
  • intellekt pasayish;
  • buqoq rivojlanishi;
  • qalqonsimon bezning ishdan chiqishi;
  • bolalarning jismoniy va aqliy rivojlanishining sekinlashishi;
  • kretinizm kabi holatlarga olib keladi.

O‘zbekistonda tuproq va oziq-ovqat mahsulotlari tarkibida yod juda kam. O‘zbekistonda uni faqat tabletka shaklida yoki yodlangan osh tuzi orqali olish mumkin.

Yod qabul qilishni kamdan-kam uchraydigan kontrendikatsiya, ya’ni unga allergik reaksiya va tanadagi yodning ortiqcha miqdori bo‘lgandagina rad etish mumkin.

Xususiy bog‘cha va maktablar kerakli miqdordagi dori-darmonlarni o‘zlari joylashgan joydagi klinikalarga murojaat qilib olishlari kerak. Dasturni samarali amalga oshirish uchun dori tarqatilayotgan muassasadagilarning ota-onalari va ma’muriyatning muntazam onlayn so‘rovlari orqali monitoring amalga oshiriladi.

2025-yilda bolalar tanasida yod miqdorini aniqlash orqali butun dasturning ta’sirini baholash rejalashtirilgan.

Dastur tashkilotchilari qator vazirlik va idoralar: Sog‘liqni saqlash vazirligi, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, prezident huzuridagi Strategik islohotlar agentligi, Yoshlar ishlari agentligi, SSV huzuridagi Respublika ixtisoslashtirilgan endokrinologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi ko‘magida amalga oshirib boriladi.

Dori-darmonlarni sotib olish davlat budjetidan moliyalashtiriladi.

Batafsil ma’lumot — yodiching.uz saytida.