Buxoro shahri “Abu Ali ibn Sino” MFY hokim yordamchisi A.S. mahallada yashamaydigan shaxslar nomiga kredit rasmiylashtirib, uni o‘zlashtirgani aniqlandi. Bu haqda Buxoro viloyati prokuraturasi xabar qildi.

Aniqlanishicha, A.S. “Abu Ali ibn Sino” MFY hokim yordamchisi lavozimida ishlab, O‘zbekiston prezidentining “Har bir oila-tadbirkor” dasturini amalga oshirish to‘g‘risida”gi PQ-3777 sonli qarori bilan berilgan fuqarolarga imtiyozli kreditlar ajratishdagi maxsus vakolatdan mansab mavqeyini suiiste’mol qilib, kredit mablag‘larini o‘zlashtirgan.

Xususan, u “Abu Ali ibn Sino” MFY hududida yashamaydigan va faoliyat ko‘rsatmaydigan M.H., J.A., N.G‘., M.A. va A.M. nomiga mototransport vositasi hamda ichimlik suvini qayta ishlash apparatini sotib olish uchun 33 mln so‘mdan, jami 163 mln so‘mlik imtiyozli kredit ajratib, ularni o‘zlashtirish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.

Hokim yordamchisi 14-sentabrda Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3-qismi “g” bandi (Kompyuter texnikasi vositalaridan foydalanib sodir etilgan o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish), 209-moddasi 1-qismi (Mansab soxtakorligi) va 209-moddasi 2-qismi “a” bandi (Takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan mansab soxtakorligi) bilan ishda ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanildi.