2023-yilning aprel oyida Andijon viloyati Izboskan tumanida yashovchi ikki fuqaro 3 tup g‘arb chinori daraxtini kesgandi. Ekologiya vazirligining ma’lum qilishicha, sud ularning ozodligini 2 yilga chekladi.

Qayd etilishicha, ular daraxtlarni yashash xonadoni uchun xavf tug‘dirayotgani, qurilish, ta’mirlash ishlariga xalal berayotgani uchun kesib tashlagan.

Bu orqali o‘simlik dunyosiga 131 million 400 ming so‘mlik ko‘p miqdorda zarar yetkazilgan.

Holat Ekologiya vazirligi xodimlari tomonidan o‘rganilib, tegishli hujjatlar prokuraturaga yuborilgan. Prokuratura tomonidan esa ularga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 18-sentabr kuni daraxtlarni kesganlarga sud hukmi o‘qildi.

Hukmga ko‘ra, uch tup g‘arb chinorini kesganlarning har biriga keltirilgan zararni qoplash bilan birga 2 yil muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi.