Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Turizm qo‘mitasi huzuridagi Milliy PR-markazi davlat unitar korxonasi direktori Dilfuza Samandarovaning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgani haqidagi xabarni o‘rganib chiqdi.

Agentlik matbuot xizmatining xabar berishicha, uning Avtoimkon trade MCHJ ta’sischilaridan biri ekani tasdiqlangan. Samandarova Avtoimkon trade MCHJning 50 foiz ulushiga egalik qiladi.

Dilfuza Samandarova 2023-yil sentabr oyida Instagram`da Toshkent shahar markazida joylashgan LBOS Jewellery kumush taqinchoqlar do‘koni asoschisi ekanligini bayon qilgan va ushbu do‘konning ijobiy xususiyatlarini reklama qilgan. Hozirda bu video o‘chirilgan. Bu haqida bloger Nikita Makarenko o‘zining Telegram kanalida yozgandi.

“Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonunining 13-moddasiga asosan, davlat fuqarolik xizmatchisi tadbirkorlik faoliyati subyektlarini tashkil etishga, ularning muassisi (ishtirokchisi) bo‘lishga, tadbirkorlik faoliyati subyektida tashkiliy-boshqaruv, ma’muriy-xo‘jalik vazifalarini bajarishga haqli emasligi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “Davlat fuqarolik xizmatchilari tomonidan odob-axloq qoidalariga rioya etilishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 595-son qarori bilan tasdiqlangan “Davlat fuqarolik xizmatchilari odob-axloqining namunaviy qoidalari”ning 13-bandida davlat xizmatchilari ishdan tashqari vaqtda tadbirkorlik yoki haq to‘lanadigan boshqa faoliyat bilan (pedagogik, ilmiy va ijodiy faoliyatdan tashqari) shug‘ullanmasligi belgilangan.

Agentlik tomonidan yuqoridagi holatlarni bartaraf etish bo‘yicha 2023-yil 19-sentabr kuni Turizm qo‘mitasi va uning huzuridagi Milliy PR-markazi davlat unitar korxonasiga taqdimnoma kiritgan.

“Gazeta.uz” bu holat yuzasidan 18-sentabr kuni Milliy PR-markazi matbuot xizmati bilan bog‘langandi. Korxona Dilfuza Samandarova bilan bog‘liq tarqalayotgan xabarlar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini qayd etib, ularni rad etgandi. Shuningdek, Milliy PR-markazi bu bo‘yicha rasmiy munosabat berilishini qo‘shimcha qildi.