22-sentabr kuni O‘zbekistonda har yili o‘tkaziladigan V Yevropa harakatlanish haftaligi doirasida “Avtomobilsiz kun” bo‘lib o‘tadi, deya xabar bermoqda Afisha.uz.

Bu yilgi haftalikning “Energiyani tejash” mavzusi barqaror shahar harakatini rag‘batlantirishda energiya samaradorligining roli muhimligiga qaratilgan. Yevropa Ittifoqining ushbu tashabbusi 39 mamlakatning 2000 dan ortiq shaharlarini qamrab olgan.

“Energiyani tejash va iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashish, energiya xavfsizligini ta’minlash va jamoa farovonligini oshirish uchun muhim ahamiyatga ega. O‘zbekiston transport infratuzilmasida energiya samaradorligi muhim rol o‘ynashini tan olish barqaror shahar harakatlanishiga yo‘l ochadi. Biz birgalikda yashil va adolatli kelajak sari intilyapmiz”, — dedi Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi rahbari Sharlotta Adrian.

Mazkur kunda aholiga ekologik toza transport vositalarida harakatlanish, jumladan piyoda yurish, velosiped va metrodan foydalanish tavsiya etiladi.

Ma’lumot uchun, hukumatning 2020-yildagi qarori bilan rahbarlarga ishga kelib-ketishda avtomobillardan foydalanmaslik tavsiya etilgan. Bundan tashqari, 2021-yildan boshlab 22-sentabr kuni “Avtomobilsiz kun” sifatida e’lon qilingan.