17-sentabr kuni adabiyotshunos olim va akademik Naim Karimov vafot etdi, deya xabar bermoqda Yozuvchilar uyushmasi matbuot xizmati.

Naim Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1993-yilda unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi, 1994-yilda esa professor ilmiy unvoni berilgan.

Uning ilmiy izlanishlari, asosan, XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish, jadid adiblari — Cho‘lpon, Fitrat, Hamza ijodi bilan bog‘liq. 1999-yilda Naim Karimov qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha jamoat komissiyasiga rahbarlik qilgan. Olim O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi bosh tahririyati a’zosi hamdir.

Ilmiy faoliyati uchun Naim Karimov 1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev uning vafoti munosabati bilan hamdardlik bildirdi.