17-sentabr kuni yozuvchi, adabiyotshunos olim, akademik va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi Naim Karimovning vafot etishi jamoatchilikni chuqur qayg‘uga soldi. Faollar ijtimoiy tarmoqlarda olimning hayoti, ijod yo‘li va faoliyati bilan bog‘liq iliq xotiralar bilan bo‘lishdi.

Xususan, bloger Shahnoza Soatova domla bilan 2022-yil noyabrida ko‘rishgani haqida yozarkan, Naim Karimovning xotira, fikrlash, nutq — hamasi kamida 30 yashar yigitlarnikidek ravon va o‘tkir bo‘lganini esladi:

“Domla O‘zbekiston adabiyot muzeyining tadqiqotlar qanotidagi o‘z ish kabinetlarida edilar. Bizga intervyu berish uchun binoning muzey qanotiga o‘tish lozim edi. Men kerak emas, xonangizda olaveramiz desam ko‘nmadilar. Ko‘cha qor, sirpanchiq bo‘lgani uchun qo‘rqdim, birga borgan yigitlarga domlaning tirsaklaridan olinglar deb ishora qildim. Naim aka bunga ham ruxsat bermadilar, o‘zlari shahdam yurib narigi binoga o‘tib, durdona ma’lumotlarga to‘la intervyu berdilar. Muzey xonasi sovuq edi, men paltomni yechmadim, domla esa yoshlarga ko‘rsatiladigan intervyu ekan, paltoni kiymayman dedilar…Bu xotiralarni bir kuni yozishimni bilardimu, ammo o‘sha kun bu qadar tez keladi deb o‘ylamagandim…O‘zbekiston qahramoni unvoni beriladi deb o‘ylagandim… Lekin domlaning unvonlari ko‘p edi”.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira
Foto: @shahnozxon / Telegram

Blogerning yozishicha, ustoz Naim Karimovdek ilmga fidoyi insonlar kam. U kishi shunchaki ilm qilmadi, ilm maktabini qurib, qadriyatlarini tizib, o‘z mafkurasi va davrini yaratgan buyuk shaxs edi. Uning ilmdagi qahramonligi rad etilmas haqiqatdir.

“Atoqli olim Naim Karimov arxiv materiallari, qatag‘on, sotqinlik haqida intervyu berganda doim yig‘lab yuborardi. O‘zi bilan oshkor qilinmagan yana ko‘p sirlarni olib ketdi”, — dedi jurnalist Aziza Qurbonova.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira

Muharrir Ulug‘bek Samiqov Naim Karimovdek fidoyi olim va kamtar inson bo‘lishni niyat qilganini yozib, universitet bilan bog‘liq xotiralarini bo‘lishdi:

“Institutni tamomlash arafasida bitiruv ishi himoyasiga aynan ustoz Naim Karimov raislik qilishlarini eshitganimizda kursdoshim Qamariddin Bekmuhammad bilan juda xursand bo‘lgandik. Bu kishidek olim rais bo‘lganlari uchun yanada yaxshiroq tayyorgarlik ko‘rishimiz zarurligini his etganmiz. Qamariddin, qolaversa, qolgan kursdoshlarimiz bilan bitiruv ishimizdagi ba’zi kamchiliklarni, texnik xatolarni tuzatib, biroz kechikdik. Ya’ni, raisga bitiruv malakaviy ishlarni o‘qib chiqishlari uchun barvaqt olib borib berolmadik. Himoyadan bir kun avval, kechki payt ming istihola bilan domlaning uylariga bordik. Shunda domladan uzr so‘rab, vaziyatni tushuntirdik. Juda xavotirda turganim esimda, sababi guruh sardori sifatida barcha mas’uliyat zimmamda edi. Biroq ustoz bizni to‘g‘ri tushunib, hech qanday e’tiroz bildirmadilar. Ularga minnatdorlik bildirib, ortga qaytgandik. Boshqa odam bo‘lganda, balki ta’na toshlarini yog‘dirib, pisanda qilgan bo‘larmidi, va bunga haqli edi ham. Lekin domla unday qilmadilar. Shunda u kishiga nisbatan hurmatim yanada oshgan”.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira
Foto: Ulug’bek Samiqov / Facebook

Shuningdek, u domla bir kechaning o‘zida barcha ishlarni ko‘rib chiqishga ulgurgani va hatto, ustozdan juda iliq fikrlar eshitganini qayd etdi.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira

Jurnalist Komiljon Aslanov olimga garchi rasmiy “qahramon” unvoni berilmagan bo‘lsada, adabiyot uchun, millat uchun chinakam qahramon bo‘lganini ta’kidladi:

“Naim Karimovdan „Usmon Nosir“ kitobining yozilishiga nima sabab bo‘lgani, bu kitobni yozish uchun qanday qiyinchiliklarga, yolg‘onlarga duch kelgani va umuman kitobning yaratilish tarixi haqida qisqa, ammo mazmunli intervyu olgandim. Qachondir montaj qilib, YouTube`ga qo‘yaman degandim. Afsus, vaqt, qunt bo‘lmay haligacha bu ishni qilolmadim. Alloh nasib etsa ulashaman, bu intervyuni”.

“Adabiyotimiz titani Naim Karimov olamdan o‘tibdilar. Buyuk olim va chin inson. U o‘zi bilgan, ammo aytolmagan haqiqatlarni yozib ketganiga ishonaman. Bir kun chop etilishiga umid qilaman”, g‘ — deya post qoldirdi rejissyor Sarvar Karimov.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira

Bloger Nurbek Alimov akademikni hamkasblari, talabalari va o‘quvchilari juda hurmat qilishgani va sevishgani yozib qoldirdi:

“Bugun biz O‘zbekistonning eng obro‘li va hurmatli olim va yozuvchilaridan biri — akademik Naim Fotihovich Karimovdan ayrildik. Uning hayoti va ijodi o‘zbek adabiyotini, xususan, XX asr boshlarida xalqning ma’rifati va yangilanishi uchun kurashgan Jadid adiblari ijodini o‘rganish va rivojlantirishga bag‘ishlangan edi…Mening buvim, xalq ta’limi a’lochisi Hanifa Alimovalar ham ushbu buyuk olim bilan birga o‘qishgan ekan…Uni hamkasblari, talabalari va o‘quvchilari juda hurmat qilishgan va sevishgan…Akademik Naim Karimovning oilasi va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildiramiz. Uning nomi va merosi O‘zbekiston xalqi xotirasida abadiy saqlanib qoladi”.

2023-yilda vafot этgaнлар, наим каримов, xotira

Shoira Mehrinoz Abbosova Naim Karimov bilan “Aslida” loyihasida suhbat qilmoqchi bo‘lganini, faqat haddi sig‘may yurgani, puxta tayyorlanib, savollarni taxt qilgach, oldilariga boraman deganiyu, biroq ulgurmagani haqida yozdi.

“Bir kun kelib, vafot etishi aqlingga sig‘maydigan odamlaring bo‘ladi. Ustoz ham shunday edi men uchun. Ko‘rishaman deb yurgan insonlaring bilan diydorni ortga surmaslik kerak ekan. Umrini munosib yashagan ilm odamini Alloh rahmat qilsin. Chin dunyoda haqiqiy olimlarga beriladigan martabalar nasib qilsin”.

Eslatib o‘tamiz, Naim Karimov 1932-yil 12-dekabrda Toshkentda tug‘ilgan. O‘rta Osiyo davlat universitetining filologiya fakultetini tamomlagan. 1993-yilda unga filologiya fanlari doktori ilmiy darajasi, 1994-yilda esa professor ilmiy unvoni berilgan.

Uning ilmiy izlanishlari, asosan, XX asr o‘zbek adabiyotini o‘rganish, jadid adiblari — Cho‘lpon, Fitrat, Hamza ijodi bilan bog‘liq. 1999-yilda Naim Karimov qatag‘on qurbonlari xotirasini abadiylashtirish bo‘yicha jamoat komissiyasiga rahbarlik qilgan. Olim O‘zbekiston milliy ensiklopediyasi bosh tahririyati a’zosi hamdir.

Ilmiy faoliyati uchun Naim Karimov 1996-yilda O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan fan arbobi faxriy unvoni, “El-yurt hurmati” ordeni bilan taqdirlangan.