Bir yilda nechta kitob o‘qiysiz? Kuningizning qancha qismini mutolaaga sarflaysiz? Xohlaganingizdan ko‘ra kam, to‘g‘rimi? Ish-tashvishning tugamasligi yoki shunchaki hafsala, xohish yo‘qligi bahona bunga. “Gazeta.uz” kitobxonlikni targ‘ib etish, o‘quvchini ko‘p va xo‘b o‘qishga undash niyatida “Nima o‘qiymiz?” savoli bilan olim, tadqiqotchi, jamoat faoli, yozuvchi-shoir, tarjimon va boshqalarga yuzlanadi, ularning yil davomida o‘qigan yo o‘qilishi shart deb sanagan kitoblari tavsiyasini sizga yetkazadi. Maqsad juda oddiy — kitobxon bo‘laylik!

“Nima o‘qiymiz?” loyihasining navbatdagi mehmoni — siyosatshunos Kamoliddin Rabbimov.

Mutolaa haqida

Mutolaa — bu intellekt, ilm to‘plash. Har bir davlatda, har bir jamiyatda hokimiyatga erishish va uni ushlab turishda asosiy hisoblangan vositalar mavjud. Erkin jamiyatlarda bu vosita — intellekt, avtoritar davlatlarda esa intellekt emas, balki kuch ishlatish qobiliyatidir. Demokratiya markazida aynan kuch ishlatmasdan intellekt orqali hokimiyatni ushlab turish qobiliyati turadi.

So‘nggi besh asrda misli ko‘rilmagan milliy boylik yaratayotgan davlatlarning asosiy qismi — bular erkin, o‘zaro siyosiy va ijtimoiy munosabatlarda kuch ishlatish imkoniyati mavjud bo‘lmagan davlatlardir. Ikkita Koreya bunga yaxshi misol bo‘la oladi. Biri — klassik totalitar davlat, ikkinchisi — anchagina demokratik mamlakat.

Janubiy Koreyada saylovlar erkin va muntazam o‘tkaziladi, so‘z erkinligi ham juda kuchli, korrupsiya bilan qo‘lga tushgan rahbar qamaladi, masalan, o‘tmishdagi prezidentlarning deyarli bari qamalgan. Shunday qilib, jamiyat erkin bo‘lsa, o‘zaro munosabatlarda nima birinchi o‘ringa chiqadi? Intellekt. Chunki jamiyat erkin, u yerda kuch ishlatish orqali hokimiyatni ushlab turish mumkin emas. Shu sababli ham dunyodagi eng qudratli, reytingi baland universitetlar erkin mamlakatlarda.

Taqqoslash uchun, Shimoliy Koreyaning reytingi bo‘yicha birinchi yuztalik, hatto birinchi mingtalikka kiruvchi birorta universiteti yo‘q. Kubada ham shunday. Saudiya Arabistonida ham. To‘g‘ri, arab mamlakatlarida nomi ulug‘, dongdor universitetlar yo‘q emas, u yerlarda ham yo‘llar tekis, qurilayotgan binolar juda chiroyli, ammo bir “lekini” bor: ular modernizmni o‘z intellekti orqali emas, oyog‘i ostidagi Xudo bergan neft va gaz hisobiga sotib olyapti.

Ta’kidlash joiz, bir vaqtlar Islom sivilizatsiyasi ilmga, mutolaaga juda katta e’tibor bergan. Bag‘dodda deysizmi, Damashqda bo‘ladimi, yunonlardan qolgan yoki undan ham avvalgi asarlar arab tiliga tarjima qilingan, katta tarijma va nashriyot uylari bo‘lgan. Xususan, bugungi demokratiya g‘oyasi ham arab tili va arablar qurgan kutubxonalar orqali G‘arbiy Yevropaga kirib borgan — bunga hech qanday shubha yo‘q.

G‘arb va Islom sivilizatsiyasi munosabatlarini juda yaxshi tahlil qilgan Bernard Luis o‘zining “Islom va g‘arb” kitobida yozadiki, “musulmon dunyosi osmonda yulduz sanayotgan vaqtda G‘arbdagi eng katta kutubxonada 150 dan ortiq kitob bo‘lmasdi”. Arablar Portugaliya, Ispaniya va Fransiyaning Bordogacha bo‘lgan hududlarini bosib olib, Qurdoba amirligini tashkil qilgan. Oradan ma’lum vaqt o‘tib, ispan va portugallar o‘z hududlarini qaytarib olgach, masjid va madrasalar qoshidagi kutubxonalardagi kitoblarni ko‘rib, Bernard Luisning yozishicha, og‘zi ochilib qolgan — kutubxonalarda 100 mingdan ortiq kitob bo‘lgan, biri ikkinchisini takrorlamagan.

Bugungi kunga kelib nima uchun biz intellekt borasida G‘arb bilan bellasha olmaymiz, degan savol mavjud. Nazarimda, musulmon dunyosidagi eng katta muammolardan biri — siyosiy erkinlikning mavjud emasligi. Siyosiy erkinlik — bu hokimiyatdan mustaqil bo‘la olish, hokimiyatni xalqqa, jamiyatga bo‘ysundira olish qobiliyatidir. Agar hokimiyat xalqqa bo‘ysunadigan bo‘lsa, u muttasil almashib turadi. Xalq hokimiyatdan qo‘rqmaydi va davlatdagi, jamiyatdagi muammolarni tahlil qilish, anglash va aytaylik, ularga yechim izlash hech qanday muammo bo‘lmaydi.

Yevropada 15 yil yashaganim uchun, menda taqqoslash imkoni bor — O‘zbekistonda bolalar kitob o‘qimaydi, umuman o‘qimaydi. Yaqinlarim, qarindoshlarim bolalarini majburlaydi, kitob o‘qisang, pul beraman deydi, rag‘batlantirmoqchi bo‘ladi, lekin baribir o‘qimaydi. Chunki bolalar jamiyatdagi o‘yin qoidasini o‘zi bilmagan holda anglaydi.

Misol uchun, Germaniya yo Amerikadagi bolalarni ko‘ring-da — uchinchi yo beshinchi sinf bolasi bir yilda 30−50 betlik kitoblardan o‘rtacha 20−30 ta o‘qiydi, ko‘p kitob o‘qiydi. G‘arbning katta bo‘ladimi, kichik bo‘ladimi, farqi yo‘q, shaharlarining eng ko‘rkam, eng markaziy joylarida kutubxonalar quriladi. Kutubxona G‘arb sivilizatsiyasining eng markaziy monumenti. Chunki intellektni qadrlash, ulug‘lash siyosiy Olimpning markazida turadi. Va bu kutubxonalar doim gavjum.

Bizda ham kutubxonalar mavjud — o‘zim Alisher Navoiy nomidagi Milliy kutubxonaga a’zo bo‘lganman. Xursand qiladigani, kutubxona gavjum, yoshlar kelyapti. Xafa qiladigani — kutubxonada joy yetishmayapti, kutubxonada o‘tirib, kitob o‘qish uchun joy topish mutlaq muammo. Bunday kutubxonalardagi bo‘sh o‘rinlar soni tashrifchilar sonidan 20 foiz ko‘proq bo‘lishi kerak. Shundan kamaydimi, yana joy qo‘shish kerak. Ammo Milliy kutubxonada 5 foizdan oshmaydi.

Men juda sekin mutolaa qilaman. Masalan, bir yo ikki xatboshini o‘qib, biroz tin olaman — o‘qiganimni o‘ylab ko‘rishim kerak. Hech narsa tushunmagan bo‘lsam, o‘sha xatboshilarni tag‘in qayta o‘qiyman. Fikr boshqa narsaga chalg‘imay kitob o‘qish uchun qunt kerak. Biror kitobni eng tez o‘qiganim ikki hafta, kamida bir hafta bo‘ladi.

Ayni vaqtda, kutubxonamda o‘qib tugatilmagan kitoblarim ko‘p — kitoblarimning orasiga qog‘oz, xatcho‘p qo‘yib o‘qiyman, qayeriga kelganimni bilib turish uchun. Bu kitoblarni har doim, har kuni ham o‘qimaysiz, lekin ular bo‘lmasa, inson nimasinidir yo‘qotib qo‘ygandek bo‘ladi-da. Kerak bo‘lganida ularni varaqlab, kerakli fikrlar, xulosalarni qaytadan eslaysiz yo tasdiqlab olasiz. Kitoblar sizga mana shunday yaxshi hamrohga aylanib qoladi.

Kitobni kerakli joylariga qalam bilan chizib, yozib o‘qish odatim ham bor. Aslida konspekt olish kerak — shunda kitobdagi fikr xotirada yanada yaxshiroq qoladi. Agar uni boshqa tildan o‘zbek tiliga o‘girsangiz, yanada kuchliroq eslab qolasiz.

Mening bir nuqsonim bor — faqat ilmiy kitoblar o‘qiyman. Badiiy kitoblarni yomon ko‘rmayman, badiiy asarlar inson ma’naviy dunyosi, so‘z boyligini oshirishini ham yaxshi bilaman, avval o‘qiganman ham. Birinchidan, vaqtimni qizg‘anaman — kutubxonamda hali o‘qilmagan juda qimmatli ilmiy asarlar bor, vaqtim bo‘lsa, uni o‘sha kitoblar mutolaasiga bag‘ishlayman. Ikkinchidan, badiiy asarlarni o‘zingiz talqin qilishingiz kerak, ilmiy kitob esa sutning ustidagi yig‘ilgan qaymog‘i, unda ehtiros yo‘q, aksincha, faqat kristallashgan intellekt.

Shunday qilib, kitoblar katta jarayonlarni, katta o‘zgarishlarni eng mayda qirralari, jihatlari bilan tushuntirib beradi. Kitobning o‘rnini bosa oladigan narsa yo‘q. Aytishadi-ku, Harri Potter haqidagi filmlar hech kitobidek bo‘lmaydi, deb. Chunki inson miyasi juda ham fantaziya qila olish qobiliyatiga ega. Kinoni ma’lum bir chegarada ko‘rasiz, lekin inson miyasida chegara yo‘q. Shuning uchun kitob o‘qishga o‘rgangan miyalar mutolaadan huzurlanadi. Mislsiz huzurlanadi.

Kitob tavsiyalari

O‘zim uchun qadrli bo‘lgan mualliflar, doimiy kuzatib boradiganim siyosatshunoslar bor. Masalan, Farid Zakariya, kitoblari og‘irroq, bergan intervyulari esa juda kuchli bo‘lgan Genri Kissinjer, maqolalari ham, intervyulari ham, kitoblari ham nihoyatda kuchli bo‘lgan, o‘zi yahudiy bo‘lsa-da Isroilni eng ko‘p tanqid qiladigan olim, bemisl intellektual Noam Chomskiy, strategik va sovuqqon fikrlash borasida “Buyuk shaxmat doskasi"ni yozgan Zbignev Bjezinskiy, siyosiy iqtisodiyot borasida juda ham kuchli mutafakkir Frensis Fukuyama.

Valeriya Ledyayev. “Власть: Концептуальный анализ”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Yoshlar mendan kitob so‘rasa, har doim birinchi galda mana shu kitobni maslahat beraman. Bunda hokimiyatning nima ekanligi, hokimiyatni amalga oshirish usullari, qaysi tillarda hokimiyat nima deb nomlanadi va uning asosiy mohiyati, etimologiyasi nima — shu kabi savollarga javob berilgan. Ya’ni, “Hokimiyat: Konseptual tahlil” kitobida hokimiyat to‘g‘risidagi tafakkur, g‘oyalar yig‘ilgan. Ledyayevning ushbu asarida biror bir xatboshi, biror bir jumla ortiqcha emas, degan bo‘lardim.

Farid Zakariya. “Будущее свободы: нелиберальная демократия в США и за их пределами”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Farid Zakariya shu vaqtgacha to‘rtta kitob yozgan bo‘lsa, ularning ikkitasi mening kutubxonamda bor. Xususan, “Erkinlikning kelajagi: AQShda va undan tashqarida noliberal demokratiya” kitobida u erkinlik sotsiologiyasi va bugungi kunda G‘arbdagi erkinlik bilan bog‘liq siyosiy inqirozlarni yaxshi ochib bergan.

Farid Zakariya. “Постамериканский мир будущего”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Zakariyaning kutubxonamdagi ikkinchi kitobi — “Amerikadan keyingi dunyo”. Unda o‘tmishda eng qudratli davlatlar qaysi edi-yu, nima uchun XX asrning ikkinchi yarmida AQSh dunyodagi mislsiz qudrat egasiga aylandi, nega endi Amerikaning qudrati pasayib boryapti (aniqrog‘i, uning qudrati pasaymayapti, balki boshqalarning, birinchi galda, Xitoyning qudrati tezroq o‘syapti) — shu kabi savollarga yaxshigina javob bergan.

Jozef Nay. “Будущее власти”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Yaqinda Jozef Nayning “Yumshoq kuch” asari o‘zbek tilida chop etildi. “Hokimiyatning kelajagi” asarini o‘sha “Yumshoq kuch"ning to‘ldirilgan talqini deyish mumkin, ikkala kitob 70−80 foizga bir xil.

Kitobda sanksiyalarning 20 ga yaqin turi, ularning chegaralari birma-bir ko‘rsatilgan. Ya’ni, sanksiyalarning o‘ljasi, nishoni har xil bo‘lishi mumkin. Masalan, butun bir davlat va millatni so‘ndirish yoki yakka shaxsni so‘ndirish; siyosiy elitani so‘ndirish yoki jamiyatga teginmay davlat bilan kurashish va hokazo. Shuningdek, XXI asrda, globallashuv zamonida davlat nima qilsa tashqi dunyo uni yoqtiradi, unga ishonadi, uni hurmat qiladi, u bilan hamkorlik qilishga moyil bo‘ladi — shu kabi savollarga javob beradi.

Maykl Novak. “Дух демократического капитализма”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Hozir juda mashhur hisoblangan siyosiy iqtisodiyot nazariyalarini Maykl Novak hozirgi jamoatchiligimizga nisbatan tanish bo‘lgan Ajemo‘g‘li va Robinsonlarning “Mamlakatlar tanazzuli sabablari“dan ancha avval, 1980-yillarda “Demokratik kapitalizm ruhiyati” kitobida aytib o‘tgan edi. Ya’ni, davlatning erkin va huquqiy bo‘lishi asosida mislsiz boylik yarata olish o‘rtasidagi bog‘liqlik ochib berilgan.

Yoran Terborn. “Мир: Руководство для начинающих”

kamoliddin rabbimov, kitob, kitoblar, kitobxonlik, mutolaa, nima o‘qiymiz, tavsiya

Mana bu yerda shvetsiyalik olib Yulen Terborn “Mir: rukovodstvo dlya nachinayushix” endi bu asarnishunday boshlaydiki,

Faraz qiling, Yerga bir o‘zga sayyoralik kelyapti hamda siz unga Yer va yerliklar hayot tarzini, qanday sivilizatsiyalar, qanday madaniyatlar, qanday dinlar, davlatlar, ziddiyatlar bor — barini tushuntirib berishingiz kerak. Terborn, oddiy qilib aytganda, shunday qo‘llanma tayyorlagan, sotsiolog sifatida butun insoniyatni yaxshilab tushuntirib bergan. Juda kuchli kitob.


Qancha ko‘p kitob o‘qisangiz, sizda har bir masalaga qarash nuqtasi ham shunchalik ko‘payadi. Chunki har bir sizga kitob orqali turli rakurslarni ko‘rsatadi: masalaga mana bu tarafdan ham qarab ko‘rgin, mana bunday jihat ham bor va hokazo.

O‘qilgan kitoblarning butun tafsilotlari inson xotirasida to‘liq qolmaydi, lekin fundamental g‘oya, fundamental qarash nuqtasi hech qachon inson ongidan chiqib ketmaydi. Hech qachon.