Surxondaryo viloyatida giyoxvand moddalari savdosi bilan shug‘ullangan shaxslar aniqlandi, deya xabar berdi Davlat xavfsizligi xizmati.

Xususan, Termiz tumanida harakatlanayotgan Matiz to‘xtatilib, ko‘zdan kechirilganda, unda yo‘lovchi sifatida ketayotgan, 1979-yilda Samarqand shahrida tug‘ilgan, Termiz shahrida vaqtincha istiqomat qiluvchi, muqaddam sudlangan fuqaroning yonida 4 kg 827 gr “opiy” moddasi borligi aniqlanib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.

Qayd etilishicha, ushbu giyohvandlik vositasi muqaddam afg‘onistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan keltirib berilganligi ma’lum bo‘lgan.

Boshqa holatda esa Sariosiyo tumanida yashovchi, 1979 va 1982-yillarda tug‘ilgan aka-uka 3 kg 627 gr “opiy” va 919 gr “gashish” moddalarini 30 ming AQSh dollariga sotgan vaqtlarida ushlandi. Aniqlanishicha, ushbu giyohvandlik vositalari muqaddam tojikistonlik narkokurerlar tomonidan kontrabanda yo‘li bilan Sariosiyo tumaniga keltirib berilgan.

Ma’lum qilinishicha, aka-uka avval ham giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyatlari uchun sudlangan.

Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur fuqarolarga nisbatan Jinoyat kodeksining 246 (Kontrabanda) va 273 (Giyovandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlab qonunga xilof ravishda tayyorlash, olish, saqlash va boshqa harakatlar qilish, shuningdek ularni qonunga xilof ravishda o‘tkazish) moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Tergov harakatlari olib borilmoqda.