13-sentabr kuni Toshkentda Dunyo bo‘ylab telekanalining “Svoimi glazami” (O‘z ko‘zingiz bilan) dasturi muxbiri Ramina Yagafarova 31 yoshida vafot etdi. Bu haqda 14-sentabr kuni jurnalist Elmira Tuxvatullina ma’lum qildi. Ma’lumot Bosh prokuratura matbuot xizmati tomonidan “Gazeta.uz”ga tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 12-sentabr kuni kechqurun Ramina Yagafarova onasini ko‘rish uchun Chilonzor tumanidagi xususiy klinikaga kelgan. Tomoq og‘rig‘i tufayli jurnalist levofloksatsin (antibiotik) tabletkasini olgan. Taxminan 10−15 daqiqadan so‘ng uni tutqanoq tutib, hushidan ketgan.

Klinika shifokori unga birinchi yordam ko‘rsatgan, shundan so‘ng Yagafarova reanimatsiya bo‘limiga joylashtirilgan. Tibbiy muolajalardan so‘ng u hushiga kelgan, ahvoli yaxshilangan.

Biroq 13-sentabr kuni tushdan keyin uni yana tutqanoq tutgan. Tibbiy muolajalarga qaramay, u taxminan soat 17:50 da vafot etgan, deya izoh berdi tuman prokuraturasi.

Sud-tibbiy ekspertiza xulosasiga ko‘ra, o‘lim dori-darmonlarga allergik reaksiya (levofloksatsin), miya va o‘pkaning o‘tkir shishishi, o‘tkir nafas va yurak-qon tomir yetishmovchiligi, anafilaktik shok oqibatida yuzaga kelgan.

Chilonzor tumani prokuraturasi hodisa yuzasidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazmoqda.

“U kanalimizga yaqinda kelgandi, lekin jamoaga tezda qo‘shilib ketdi va uning ajralmas qismiga aylandi. Bu vaqt davomida men u tayyorlaydigan dasturlar muharriri edim. Jurnalist emas, balki kasbi bo‘yicha filolog bo‘lgan Ramina telejurnalistika asoslarini o‘zlashtirib, ko‘z o‘ngimizda o‘sdi”, — deb yozib qoldirgan Elmira Tuxvatullina.