Osiyo taraqqiyot banki (OTB) O‘zbekistonga inson kapitalini rivojlantirish uchun 93 mln dollar miqdorida mablag‘ yo‘naltiradi. Bu haqda hukumat portalida ma’lum qilindi.

12-sentabr kuni kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bankning Inson resurslarini rivojlantirish sektori rahbari Ayako Inagaki boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashdi.

Unda mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish sohasida ikki tomonlama hamkorlikni mustahkamlash, yangi tashabbuslarni amalga oshirish borasida muzokaralar olib borildi.

Shuningdek, “Zamonaviy iqtisodiyot uchun ko‘nikmalarni rivojlantirish” loyihasi bo‘yicha O‘zbekiston va Osiyo taraqqiyot banki o‘rtasida tuzilgan 93 mln dollar miqdoridagi bitim ijrosini amalga oshirish borasida fikr-mulohazalar bildirildi.

Ushbu loyiha O‘zbekiston sanoat tarmoqlarining raqobatbardoshligini oshirish, yoshlar va ish bilan band bo‘lmagan aholini kasb-hunarga o‘qitish orqali inklyuziv o‘sishni rag‘batlantirishga qaratilgan.

Mazkur loyiha qurilish, to‘qimachilik va tikuvlik sanoati, axborot-kommunikatsiya texnologiyalari, agrobiznes va oziq-ovqat sanoati, texnika va uskunalarga xizmat ko‘rsatish kabi tarmoqlarda malakali ishchi kuchi sifatida inson resurslarini rivojlantiradi.