Toshkent viloyatida olib borilgan qurilish-ta’mirlash ishlarida 6,3 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, hozirda viloyat hududida jami 457 ta obyektda qurilish-ta’mirlash ishlari davom etmoqda.

Prokuratura organlari tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlarda 15,8 mlrd so‘mlik sifatsiz ishlar hamda 6,3 mlrd so‘mlik qo‘shib yozish holatlari aniqlangan.

Jiddiy qonun buzilishi holatlari bo‘yicha 63 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, 12,6 mlrd so‘m zarar undirilgan, 280 ta prokuror nazorati hujjatlari qo‘llangan. Shuningdek, 90 nafar shaxsning huquqlari tiklangan.

Avvalroq viloyatning Qibray tumanida ziyoratgohni ta’mirlash uchun ajratilgan mablag‘ning 263 mln so‘mini qo‘shib yozish orqali talon-toroj qilgan shaxs 5 yildan ortiq muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida yozgandik.