Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In Amur viloyatidagi “Vostochniy” kosmodromida uchrashdi, deya xabar bermoqda “Interfaks”.

Kim Chen In kosmodromning temiryo‘l vokzaliga o‘zining zirhlangan poyezdida yetib keldi. Kutib olish marosimi hozirda “Angara” raketasi yig‘ilayotgan o‘rnatish va sinovdan o‘tkazish korpusida bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda ikki davlat rahbarlari o‘zaro cuhbatlashdi va jurnalistlar bilan qisqa muloqot qildi. Keyin esa kosmodrom obyektlari ko‘zdan kechirildi.

Jurnalistlar Vladimir Putinga muzokaralarda harbiy-texnik hamkorlik masalasi ham muhokama qilinishi borasida savol berdi. “Barcha masalalar bo‘yicha shoshilmay gaplashamiz. Vaqt bor”, — deya javob qaytardi Rossiya prezidenti.

Bundan tashqari, Kim Chen Inning tashrifi doirasida ikki davlat delegatsiyalari ishtirokidagi muzokaralar, Putin va Kim Chen Inning tet-a-tet formatidagi uchrashuvi o‘tkazildi. Rossiya prezidenti nomidan shimoliy koreyalik mehmon sharafiga rasmiy tushlik tashkillashtirildi. KXDR yetakchisiga safarda mamlakatning hukmron — Ishchilar partiyasi vakillari hamda vazirlar va harbiy yetakchilar hamrohlik qildi.

Kengaytirilgan tarkibdagi uchrashuv avvalida Shimoliy Koreya yetakchisi Pxenyan har doim Putin va Rossiya rasmiylarining barcha qarorlarini qo‘llab-quvvatlab kelganini va bundan keyin ham qo‘llab-quvvatlashini aytdi.

“Hozirda Rossiya o‘z suvereniteti va xavfsizligini himoya qilish uchun shaylangan… Umid qilamanki, biz imperializmga qarshi kurashda va suveren davlat qurishda doimo birga bo‘lamiz”, — dedi u.

Keyinchalik Putin va Kim Chen Inning tet-a-tet formatidagi uchrashuvi bo‘lib o‘tdi, hozircha unda nimalar muhokama qilingani bo‘yicha rasmiy ma’lumot berilmadi.

Shimoliy koreyalik mehmon sharafiga tashkillangan rasmiy tushlikda Kim Chen In tost aytib, Rossiyaning yangi g‘alabalari uchun qadah ko‘tardi.

Muzokaralar 4 soat davom etdi.

Ma’lumot o‘rnida, Kim Chen In bir kun avval Vladimir Putin bilan muzokaralar o‘tkazish uchun Rossiyaga kelgandi. U sayohat qilgan zirhli poyezd 12-sentabr kuni ertalab Primorsk o‘lkasiga yetib borgan. Mazkur tashrifdan oldin G‘arb nashrlari muzokaralar mavzularidan biri Shimoliy Koreyaning Rossiyaga Ukrainadagi urushda qo‘llashi mumkin bo‘lgan qurol-yarog‘larni yetkazib berish bo‘lishi mumkinligi haqida yozgandi.

Bu Kim Chen Inning koronavirus pandemiyasidan keyin Shimoliy Koreyadan tashqariga birinchi rasmiy tashrifi hisoblanadi. Rossiyaga u oxirgi marta 2019-yilda Putin bilan muzokaralarda qatnashish uchun kelgan.