Endilikda ichki yo‘llarni qurish va ta’mirlash uchun budjet mablag‘lari faqat “Mening yo‘lim” dasturi orqali ajratiladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev 12-sentabr kuni yo‘l xo‘jaligi tizimini isloh qilish masalalari bo‘yicha o‘tkazgan yig‘ilishda ma’lum qilindi.

“Endi qayerda ichki yo‘l qurish, qaysini ta’mirlashni odamlarimizning o‘zi hal qiladi. Shunday qilsak, loyihani tanlab olishda va sifatni ta’minlashda ochiqlik bo‘ladi, to‘liq jamoatchilik nazorati o‘rnatiladi”, — dedi prezident.

2024-yilda mazkur dastur uchun kamida 800 milliard so‘m ajratiladi.

So‘nggi 6 yilda mamlakatda yo‘llar qurish va ta’mirlashga ajratilayotgan mablag‘lar 3 karra oshgan. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi tarkibidagi korxonalarga 2 mingdan ziyod maxsus texnika xarid qilingan. Bular orqali 65 ming kilometr yo‘llar qurilgan va ta’mirlangan.

2023-yildan “Mening yo‘lim” loyihasi ham boshlanib, ichki ko‘chalar aholi takliflari asosida qurilib ta’mirlanadigan tizim joriy qilindi. 2023-yilda 470 ta mahalladagi ichki yo‘llar uchun 410 milliard so‘m yo‘naltirildi. Natijada 3 million 600 ming aholiga qulaylik yaratildi.

3 mingga yaqin mahalla yo‘llariga ilk bor asfalt yotqizildi, yana 2 mingta mahalladagi tuproq yo‘llar shag‘al qoplamaga o‘tkazildi.

Lekin sohada bir qator tizimli muammolar ham bor. Asosiy kamchiliklardan biri — qurilayotgan yo‘llarning sifatsizligi. Yangi yo‘llar ko‘p o‘tmay yaroqsiz ahvolga kelayotgani uchun yana ta’mirlanmoqda, deyiladi xabarda.

Yig‘ilishda yo‘llarni loyihalash me’yorlari eskirgani qayd etildi. “Ularning katta-kichikligi yoki hududlarning iqlim sharoitiga qaramay, bir xil andaza qo‘llanmoqda”. Loyihalarda yo‘lbo‘yi infratuzilmasi nazarda tutilmagani bois aksariyat savdo va servis shoxobchalari tartibsiz joylashgani qayd etildi.

Sifat pastligining yana bir sababi yo‘l nazoratining sustligida ekani ta’kidlandi.

“Bu boradagi hozirgi talablar shundayki, texnik nazoratchilar asosiy vaqtini yo‘lning sifatini tekshirishga emas, pudratchining hujjatlarini o‘rganishga sarflaydi. Yo‘l qurilishida zamonaviy texnikalarni boshqara oladigan malakali kadrlar yetishmaydi”, — deyiladi xabarda.

Yo‘llarni monitoring qilishning avtomatlashgan tizimi yo‘qligi sababli qaysi yo‘ldan qanday hajmda yuk o‘tayotgani ma’lum emasligi, yo‘llarda uning yuk ko‘tarish imkoniyatidan og‘ir bo‘lgan transportlar ham harakatlanayotgani ko‘rsatib o‘tildi.

Rivojlangan mamlakatlarda ham yo‘llarni qurish yoki ta’mirlash to‘liq davlat hisobidan amalga oshirilmaydi. Yurtimizda xususiy sheriklik bo‘yicha qonuniy asoslar yaratilgan bo‘lsa-da, yo‘l sohasida bu jarayon sust ketmoqda. Shu bois investorlarga qo‘yiladigan shartlar va davlatning majburiyatlarini aniq belgilab, yo‘l loyihalariga xususiy sheriklarni faol jalb qilish zarur, deya qayd etildi prezident matbuot xizmati xabarida.

Ta’kidlanishicha, shuncha mablag‘ va mehnat bilan qurilayotgan yo‘llarni sifatli saqlash ham zarur. Masalan, chet ellarda yo‘llarda yuk transportlari vaznini o‘lchaydigan nazorat tarozilari o‘rnatiladi. Bunday tarozilarni O‘zbekistonda ham xususiy sheriklik asosida o‘rnatish taklifi bildirildi.

Shaharlardagi yo‘llarni saqlash va atrofini ko‘kalamzorlashtirish uchun obodonlashtirish boshqarmalari maxsus texnikalar bilan ta’minlanadi.

Bugungi kunda yo‘llarda huquqbuzarliklarni qayd etuvchi 2 ming 500 dan ziyod kamera va radarlar o‘rnatilgan. Aholi yashash joylarida cheklangan tezlik 60 kilometr-soatga tushirilgan. Natijada yo‘l-transport hodisalari 30 foizga kamaygan. Haydovchilarga qulaylik yaratish uchun “aqlli chorraha” va “aqlli svetofor” boshqaruv tizimlarini kengroq joriy qilish zarurligi aytildi.

Tumanlarda yo‘l va ko‘priklar qurish va ta’mirlash bo‘yicha 3 yillik dastur qabul qilish, yo‘l korxonalarini moliyaviy sog‘lomlashtirish va moddiy-texnik bazasini yaxshilash yuzasidan topshiriqlar berildi.

“Sifatli yo‘l odamlarning kayfiyati va iqtisodiyotimiz „arteriyasi“ hisoblanadi. Shu bois yo‘l qurilishiga yangicha yondashuvlarni joriy qilib, sifatni oshirish, sohani raqamlashtirish va xususiy sektorni keng jalb qilish kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Yig‘ilishda avtomobil yo‘llarini loyihalash, qurish, ta’mirlash va saqlash bo‘yicha vazifalar belgilandi.

Avvalo, loyihalashni kompleks yondashuv asosida takomillashtirish zarurligi ta’kidlandi. Ya’ni bugungi kun talabidan kelib chiqib, avtomobillar to‘xtash joyi, yoqilg‘i quyish shoxobchasi, ovqatlanish, savdo va texnik xizmat ko‘rsatish obyektlari qayerda joylashishi, qayerda daraxt ekilishi loyihaning o‘zida mujassam bo‘lishi kerak.

Davlat rahbari yo‘l qurilishida “resurs” usulidan “hajm” usuliga o‘tish taklifini qo‘llab-quvvatladi. Bu borada Xalqaro konsultant muhandislar federatsiyasi standartlari qo‘l keladi. Unga ko‘ra, maxsus sertifikatga ega muhandislar yo‘l qurilishidagi barcha jarayonlarni nazorat qiladi va yakuniy sifatga javob beradi.

Umuman, yig‘ilishda qayd etilgan barcha choralarni inobatga olgan holda, avtomobil yo‘llari sohasini rivojlantirish bo‘yicha qaror loyihasi ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi.