11-avgust kuni “Shaharsozlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvi tizimini yanada takomillashtirish hamda 2023−2027-yillarda aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish dasturlarini tasdiqlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-299-son] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Unda hududlarni shaharsozlik jihatidan rejalashtirishga doir ishlab chiqiladigan hujjatlarning quyidagi darajalari belgilandi:

birinchi darajada — hududlarning raqobat ustunliklari va barqaror rivojlanish drayverlarini aniqlab beruvchi O‘zbekiston hududini rivojlantirishni rejalashtirish bosh sxemasi hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar hududlarini rivojlantirishni rejalashtirish sxemalari, Aglomeratsiyalarni rivojlantirish strategiyasi ishlab chiqiladi;

ikkinchi darajada — shaharlar (shaharchalar) va shahar atrofi zonalari integratsiyasi asosida shaharlarning (shaharchalarning) bosh rejalari, shuningdek, qishloq aholi punktlarining hududlarini shaharsozlik jihatidan rivojlantirish sxemalari ishlab chiqiladi;

uchinchi darajada — hududlarning aniq muammolarini bartaraf etishga yo‘naltirilgan, o‘zida shaharsozlik, ijtimoiy-iqtisodiy, ekologik va boshqa loyiha yechimlarini mujassamlashtirgan master rejalari yoki batafsil rejalashtirish loyihalari ishlab chiqiladi.

Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi huzurida davlat muassasasi shaklida Urbanizatsiya va shaharsozlik hujjatlarini ishlab chiqish respublika markazi tashkil etildi. Markaz Davlat shaharsozlik kadastrini yuritadi.

Shuningdek, 2024-yil 1-iyulgacha “Mening hududim” elektron platformasi ishlab chiqiladi.

Platformada aholi punktlarining shaharsozlik hujjatlarini va master rejalarini ishlab chiqishda jamoatchilik fikrini o‘rganish hamda ovoz berish mexanizmi joriy etiladi.