Prezidentning tegishli qarori bilan sog‘liqni saqlash vaziriga 3 nafar yangi o‘rinbosar tayinlandi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.
Xususan, Farrux Raximovich Sharipov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Farrux Sharipov 1969-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 1993-yil Samarqand davlat tibbiyot instituti, 2010-yil Toshkent davlat iqtisodiyot universitetini tamomlagan. 2002−2009-yillarda Toshkent tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i, 2009−2012-yillarda Sirdaryo viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i lavozimlarida mehnat qilgan. 2012−2014-yillarda Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh boshqarma boshlig‘i bo‘lgan. 2015−2016-yillarda Yakkasaroy tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i lavozimida ishlagan.
Farrux Sharipov 2021-yildan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi ijro etuvchi direktori vazifasida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Shuningdek, Farxodjon Muxammadjonovich Tashpulatov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Farxodjon Tashpulatov 1983-yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2004-yilda O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti, 2005-yilda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti qoshidagi ixtisoslashtirilgan Oliy biznes maktabini tamomlagan.
2006−2007-yillarda “Parvina sug‘urta” sug‘urta kompaniyasi Toshkent shahri direksiyasi direktori, 2007−2010-yillarda “O‘zbekinvest Hayot” sug‘urta kompaniyasi menejeri, bosh menejeri lavozimlarida mehnat qilgan. 2011−2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasida bir qancha mas’ul vazifalarda ishlagan.
Farxodjon Tashpulatov 2021-yildan “O‘zagrosug‘urta” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.
Shu bilan birga, Olim Murodullayevich Omonov O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.
Olim Omonov 1979-yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan. 2001-yilda Toshkent elektrotexnika aloqa instituti, 2006-yilda Toshkent axborot texnologiyalari universiteti magistratura bosqichi, 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasini tamomlagan.
2005−2011-yillarda “O‘zbektelekom” AK “UzNet” filiali bo‘lim boshlig‘i, 2011−2018-yillarda Vazirlar Mahkamasida bir qancha mas’ul lavozimlarda mehnat qilgan. 2018−2021-yillarda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tizimidagi Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish jamg‘armasi direktori vazifasida ishlagan.
Olim Omonov 2023-yildan “Chorvoq” turistik rekreatsion zona direksiyasi DUK direktori lavozimida faoliyat ko‘rsatib kelayotgan edi.