1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi. Bu prezident imzolagan “O‘zbekiston — 2030” strategiyasini 2023-yilda sifatli va o‘z vaqtida amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida qarorda qayd etilgan.

Qarorga ko‘ra, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda aholiga yanada qulayliklar yaratish va ortiqcha sansalorliklarga barham berish maqsadida:

  • 2024-yil 1-yanvardan boshlab aholiga yo‘l harakati xavfsizligi sohasida davlat xizmatlarini ko‘rsatishda, shu jumladan, avtomototransport vositalarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazishda avtomototransport vositasining oldi-sotdi shartnomalari va boshqa notarial tasdiqlangan bitimlarni “Notarius” avtomatlashtirilgan axborot tizimidan olish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsin va ariza beruvchilardan mazkur hujjatlarni talab qilish taqiqlanadi;
  • 2024-yil 1-martdan boshlab notarial idoraga kelmasdan, shu jumladan, chet eldan turib mol-mulkdan foydalanish bilan bog‘liq bitimlarni (mulk huquqini boshqa shaxsga o‘tkazishdan tashqari) elektron raqamli imzodan foydalanib, videokonferensaloqa orqali rasmiylashtirish tartibi yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab bosqichma-bosqich barcha shahar va tumanlarda “Mahalla budjeti” tizimi joriy etiladi.

Bunda, tuman va shahar budjetlariga tushadigan soliq tushumlarining bir qismi mahallalarning ijtimoiy-iktisodiy muammolarini hal qilish jamg‘armalariga yo‘naltirilishi belgilanadi.

Tashabbusli budjet amaliyotini va mahallalarning moliyaviy mustaqilligini yanada kengaytirish maqsadida 2024-yilda jamoatchilik fikri asosida shakllantiriladigan loyihalarni moliyalashtirish uchun Davlat budjetidan 10 trillion so‘m, shundan “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari uchun kamida 4 trillion so‘m yo‘naltiriladi.

2024-yil yakuniga qadar qonunda belgilangan asoslarda tezkor-qidiruv va tergov harakatlariga sanksiya berish masalasini alohida sudyalar — tergov sudyalari tomonidan ko‘rib chiqish tartibi joriy etiladi.

Tadbirkorlik sohasida javobgarlikni yanada liberallashtirish maqsadida 2024-yil 1-yanvardan boshlab:

  • birinchi marta jinoyat sodir etgan shaxsni, agar u sud maslahatxonaga kirguniga qadar soliqlar va yig‘imlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplasa, javobgarlikdan ozod qilinadi;
  • tadbirkorlik subyektlariga nisbatan qo‘zg‘atilgan har bir jinoyat ishi bo‘yicha tergov hamda sud jarayonida tegishli mansabdor shaxs jinoyat ishi materiallarini ish yurituviga qabul qilgan vaqtdan boshlab tadbirkorni himoya qilishga Biznes-ombudsman, Savdo-sanoat palatasi, shuningdek, tadbirkorlik subyekti a’zo hisoblangan boshqa tashkilotni jamoat himoyachisi sifatida jalb etishi (xabar qilish) tartibi joriy etiladi.

2024-yil 1-yanvardan boshlab aholi punktlarida barcha yangi qurilayotgan ikki va undan ortiq polosali avtomobil yo‘llarida piyodalar o‘tish yo‘laklarini svetoforlar bilan to‘liq jihozlash majburiy etib belgilandi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

2022-yil 26-dekabr kuni prezidentning “Mahalla budjeti” tizimini joriy etish orqali mahallalarning moliyaviy imkoniyatini yanada kengaytirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risidagi [PQ-458-sonli] qarori qabul qilingandi.