Shimoliy Afrikadagi Liviya mamlakatida “Daniel” sikloni keltirib chiqargan suv toshqinlari oqibatida minglab odamlar bedarak yo‘qoldi. Rasmiylarga ko‘ra, Derna shahrida kuchli suv toshqini oqibatida kamida 2000 kishi halok bo‘lgan, deb xabar bermoqda Al Jazeera mahalliy OAVga tayanib.

Eng katta vayronagarchilik mamlakat sharqidagi Derna shahrida kuzatilmoqda.

Qizil yarim oy jamiyatining mintaqadagi yordam guruhi rahbari dushanba kuni Dernada halok bo‘lganlar soni 150 kishini tashkil etganini, ammo raqamlar ortishi kutilayotganini aytgandi.

Dushanba kuni Almasar telekanaliga telefon orqali bergan intervyusida Liviya sharqidagi hukumat bosh vaziri Usama Hamad Dernada 2000 kishi halok bo‘lgani, minglab odamlar bedarak yo‘qolgan deb taxmin qilinganini bildirgan. Uning aytishicha, Derna falokat zonasi deb e’lon qilingan.

Sharqiy hukumat qo‘mondonligi ostidagi harbiy kuchlar vakili Ahmad al-Mosmari matbuot anjumanida Dernadagi qurbonlar soni 2000 dan oshganini aytgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, 5−6 ming kishi bedarak yo‘qolgan.

Sharqiy Bayda shahrida kamida 46 kishi halok bo‘lgani xabar qilingan, dedi shahar bosh tibbiyot markazi rahbari Abdel-Rahim Mazek. Tez yordam va favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, Liviya shimoli-sharqidagi qirg‘oq bo‘yidagi Susa shahrida yana yetti kishi halok bo‘lgan. Shahatt va Umar al-Moxtar shaharlarida yana yetti kishi halok bo‘lgani xabar qilingan, deydi sog‘liqni saqlash vaziri Ussama Abduljalil.

Dernada mahalliy ommaviy axborot vositalari elektr energiyasi va aloqa yo‘qligi sababli vaziyat halokatli ekanini yozmoqda.

BMTning Liviya bo‘yicha gumanitar yordam koordinatori Jorjette Gagnonning aytishicha, dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, o‘nlab qishloq va shaharlar seldan jiddiy zarar ko‘rgan.

Liviya hukumati tabiiy ofat ortidan 3 kunlik milliy motam e’lon qildi.