15-sentabrdan 15-oktabrgacha Toshkentdagi markaziy (Shimoliy) temiryo‘l vokzalidan harakatlanadigan aksariyat poyezdlar qatnovi “Toshkent-Janubiy” vokzalidan amalga oshiriladi. Bu haqda “O‘zbekiston temiryo‘llari” AJ xabar bermoqda.

Qayd etilishicha, bu vaqt mobaynida “To‘qimachi” hamda “Toshkent-yo‘lovchi” temiryo‘l bekatlari oralig‘idagi yo‘lda texnik ta’mirlash ishlari olib boriladi.

Bir oy mobaynida yuqori tezlikda harakatlanuvchi Afrosiyob elektropoyezdlari, “Sharq” (Toshkent — Buxoro — Toshkent), “Nasaf” (Toshkent — Qarshi — Toshkent), “O‘zbekiston” (Toshkent — Andijon — Toshkent) hamda xalqaro yo‘nalishlardagi Toshkent — Volgograd — Toshkent, Dushanbe — Toshkent — Dushanbe yo‘lovchi poyezdlari “Toshkent-Janubiy” temiryo‘l vokzal hududidan reyslarini amalga oshiradi.

Olmaota — Toshkent — Olmaota, Toshkent — Novosibirsk — Toshkent, Toshkent — Samara — Toshkent yo‘nalishida harakatlanadigan yo‘lovchi poyezdlari hamda Toshkent — Xojikent — Toshkent shaharlararo poyezdlari qatnovi bundan mustasno, ular Shimoliy vokzaldan qatnovni davom ettiraveradi.

Har ikki vokzaldagi barcha chiptaxonalar uzluksiz ishlaydi. Bundan tashqari, chiptalarni elektron tarzda ham xarid qilish mumkin. “Toshkent-Janubiy” temiryo‘l vokzaldagi kutish zallari, vokzalga kirishda 3 ta bir bosqichli nazorat o‘tish punkti doimiy ravishda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, bir oy mobaynida “Toshkent-Markaziy” vokzalidagi chiptaxonalardan poyezd jo‘nashidan oldin chipta xarid qilgan yoki adashib “Toshkent-Shimoliy” vokzaliga kelib qolgan yo‘lovchilarni “Toshkent-Janubiy” vokzaliga olib borish uchun vaqtincha bepul avtobuslar qatnaydi.

Telegramdan foydalanasizmi? Muhim yangiliklarni o‘tkazib yubormaslik uchun kanalimizga a’zo bo‘ling.

Rekonstruksiya ishlaridan so‘ng mazkur hududdagi temiryo‘lda poyezdlar o‘tkazuvchanligi yanada ortadi va yuk poyezdlarining to‘xtovsiz harakatlanishiga imkoniyat yaratiladi, deyiladi xabarda.