O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti va Guliston davlat pedagogika insitutiga yangi rektorlar hamda Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutiga ijrochi direktor tayinlandi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar qildi.

To‘xtasinov Ilhomjon Madaminovich O‘zbekiston davlat jahon tillari universitetining rektori etib tayinlandi va shu munosabat bilan Samarqand davlat chet tillari institutining rektori lavozimidan ozod etildi.

Foto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligiFoto: Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi

Ilhomjon To‘xtasinov 1980-yilda tug‘ilgan, pedagogika fanlari doktori, professor.

Ilhomjon To‘xtasinovning jami ilmiy-uslubiy ishlari 138 tani tashkil etib, uning muallifligida 10 ta darslik, 6 ta monografiya, 84 ta o‘quv va uslubiy qo‘llanma nashr etilgan. 19 ta patent va guvohnomalar olingan. Xalqaro ilmiy texnik bazalardagi jurnallarda uning 9 ta maqolasi nashr etilgan bo‘lib, “Xirsh indeksi” 19 ni tashkil etadi. Shuningdek, u tomonidan 18 ta o‘zbek tilidagi mashhur asar va romanlar ingliz tiliga tarjima qilinib, nashr etilgan.

Ilhomjon To‘xtasinov rahbarligida so‘nggi 2 yilda 7 nafar professor, 9 nafar fan doktori (DSc), 25 nafar dotsent va 48 nafar falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Shu bilan birga, uning ilmiy rahbarligida 12 nafar falsafa fanlari doktori (PhD) va 2 nafar fan doktori (DSc) ilmiy darajalarini himoya qilgan.

Qarshiboyev Jahongir Hazratqulovich Guliston davlat pedagogika insituti rektori etib tayinlandi.

ректор, taйинловлар

Jahongir Qarshiboyev 1980-yilda tug‘ilgan, tayinlovga qadar Guliston davlat pedagogika institutida o‘quv ishlari bo‘yicha prorektor va boshqa turli mas’ul lavozimlarda faoliyat yuritgan. Biologiya fanlari doktori, dotsent.

Bundan tashqari, Sultonova Shahnoza Abduvahitovna Toshkent shahridagi Belarus-O‘zbekiston qo‘shma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori etib tayinlandi.

ректор, taйинловлар

Shahnoza Sultonova 1982-yilda tug‘ilgan, texnika fanlari doktori, dotsent. U kimyo texnologiyasi va oziq-ovqat ishlab chiqarish jarayonlari va apparatlari yo‘nalishlari bo‘yicha ilmiy-tadqiqotlar olib borayotgan olimlardan biri bo‘lib, ilmiy-tadqiqotlar yuzasidan jami 320 dan ortiq ilmiy ish qilgan, ulardan 10 tasi monografiya va 23 tasi Scopus bazasiga kirgan jurnallarda chop etilgan. h-indeksi 6 ga teng, 121 tasi ilmiy maqola, shundan, 78 tasi nufuzli xorijiy ilmiy jurnallarda nashr etilgan. Oxirgi 3 yil mobaynida 190 dan ortiq ilmiy ish, shundan, 72 tasi xorijiy nashrlarda chop qilingan. U 9 ta patent va 9 ta dasturiy mahsulot muallifi ham.

Sultonova Shahnoza ilmiy-tadqiqot loyihalari doirasida 6 ta davlat granti asosida ilmiy-tadqiqotlar olib borgan, shundan 2 ta (yoshlar amaliy va startap innovatsion) loyihaning rahbari bo‘lgan. U pedagogik faoliyati davomida 4 ta darslik, 1 ta o‘quv qo‘llanma, 4 ta uslubiy ko‘rsatma chop ettirgan.

U 2017-yil “Oliy ta’lim muassasasining eng yaxshi pedagogi” tanlovi respublika bosqichining “Ishlab chiqarish texnologiyalari” ta’lim sohasi bo‘yicha “Eng yaxshi pedagog-tadqiqotchi” nominatsiyasi g‘olibi bo‘lgan. Shahnoza Sultonova 2019-yilda “El-yurt jamg‘armasi” stipendiya tanlovida Malaka oshirish ta’lim dasturi bo‘yicha g‘olib deb topilib, Istanbul texnika universitetida malaka oshirgan.

Shahnoza Sultonova Janubiy Koreyada tashkil etilgan ixtirochi ayollarning xalqaro ko‘rgazmasi KIWIE 2019 va 2022-yillarda o‘zining ixtiro va ishlanmalari bilan ishtirok etib, oltin medal sohibasi bo‘lgan.