1-oktabrdan Respublika ixtisoslashtirilgan ona va bola salomatligi ilmiy-amaliy tibbiyot markazi tashkil etiladi. Bu haqda prezident Shavkat Mirziyoyevning 8-sentabr kuni qabul qilingan onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish, aholining reproduktiv salomatligini mustahkamlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi qarorida belgilandi.

Quyidagilarni nazarda tutuvchi onalar salomatligini muhofaza qilishning takomillashtirilgan tibbiy profilaktika va patronaj tizimi joriy qilinadi:

a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida “tibbiyot brigadalari”:

  • o‘zlariga biriktirilgan hududlarda homilador ayollarni aniqlaydi, ularni hisobga olish va davriy tibbiy ko‘rikdan o‘tishini tashkil etadi;
  • tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarining “Ayollar maslahatxonasi” bo‘limi bilan birgalikda homilador ayollar holatini doimiy monitoring qilib boradi hamda xavf omillari aniqlanganda markazning hududiy filiallariga yuboradi;
  • tug‘uruqdan keyingi davrda ona va bolaning davriy patronajini olib boradi hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish choralarini ko‘radi;
  • reproduktiv yoshdagi aholi va homilador ayollar o‘rtasida tibbiy madaniyat, kasalliklar profilaktikasi va sog‘lom oilani rejalashtirish bo‘yicha targ‘ibot ishlarini olib boradi;

b) Markazning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi hududiy filiallari:

  • xavf omillari aniqlangan ayollarni tibbiy tekshiruvdan o‘tkazadi, ularni davolaydi hamda zarur hollarda respublika darajasidagi tibbiyot muassasalariga yo‘naltiradi;
  • nikohlanuvchilar, homilador va tug‘ish yoshidagi ayollar hamda chaqaloqlarni molekulyar tibbiy-genetik tekshiruvlardan o‘tkazadi;
  • irsiy kasalliklar aniqlangan bolalarni maxsus dori vositalari va oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlaydi;
  • sog‘lom oilani rejalashtirish hamda istalmagan homiladorlikning oldini olish chora-tadbirlarini amalga oshiradi.

Shuningdek, markaz:

  • homilador ayollar va yangi tug‘ilgan bolalar skriningi bo‘yicha ixtisoslashtirilgan hamda yuqori texnologik diagnostika va davolash amaliyotlarini joriy etadi;
  • akusherlik-ginekologiya, tibbiy-genetik maslahat, sog‘lom oilani rejalashtirish, molekulyar-genetik tekshiruv, plastik va estetik ginekologiya, yordamchi reproduktiv texnologiyalar xizmatlarini tashkil etadi.

Respublika perinatal markazi erta tug‘uruq xavfi bo‘lgan homiladorlarga, shuningdek, muddati yetmasdan (22−28 haftalik) tug‘ilgan chaqaloqlarga barcha turdagi tibbiy xizmatlar ko‘rsatadi.

Shu bilan birga, 2023−2027-yillarda tug‘uruq o‘rinlari soni jami 4321 taga oshiriladi.

1-oktabrdan birlamchi tibbiyot-sanitariya yordami muassasalarida mutaxassislarni joriy etilayotgan yangi tizim bo‘yicha o‘qitish yo‘lga qo‘yiladi.

2024-yil 1-oktabrdan har yili 100 tagacha imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga yordamchi reproduktiv texnologiyalar usullari muvaffaqiyatli qo‘llanganda ushbu amaliyotni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar qoplab beriladi.

Shuningdek, quyidagilar 2026-yil 1-yanvarga qadar bojxona bojidan ozod qilinadi:

  • tasdiqlangan dasturlar doirasida Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Sog‘lom avlod uchun” hukumatga qarashli bo‘lmagan xalqaro xayriya fondi tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilmaydigan, belgilangan tartibda tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha chetdan olib kiriladigan yuqori texnologik diagnostika tibbiyot uskunalari, butlovchi buyumlar, reagentlar, zarur materiallar, dori vositalari va bolalar uchun maxsus oziq-ovqat mahsulotlari;
  • fenilketonuriyaga chalingan bolalar uchun O‘zbekiston Respublikasida ishlab chiqarilmaydigan maxsus oziq-ovqat mahsulotlari.

Qaror bilan shuningdek, Onalar va bolalar hamda aholi reproduktiv salomatligini muhofaza qilish xizmatini yanada rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi. Dasturga ko‘ra, homilador ayollar uy varaqasini raqamlashtirish va amaliyotga joriy etish nazarda tutilgan.