O‘zbekistonda 2022-yilda g‘alla uchun 4 tlrn so‘m (2017-yilga nisbatan 3 barobarga ko‘p), meva-sabzavotlar uchun 1,1 trln so‘m miqdorda budjetdan imtiyozli kreditlar ajratildi. Bu haqda Samarqandda bo‘lib o‘tayotgan Oziq-ovqat xavfsizligiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya doirasida ma’lum qilindi, deya xabar bermoqda “Gazeta.uz” muxbiri.

So‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligi subyektlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha 41 turdagi subsidiya joriy etilgan.

2022-yilda chorvachilik sohasiga 478 mlrd so‘m (2021-yilga nisbatan 8 barobar ko‘p), suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish uchun 1,5 trln so‘m (2019-yilga nisbatan 9 barobar ko‘p), mahalliy va import qilingan texnika uchun 117 mlrd (2020-yilga nisbatan 10 barobar ko‘p) subsidiya ajratildi.

Shuningdek, Oziq-ovqat sanoati korxonalari soni 2016-yilda 9,4 mingtadan 2022-yilda 22,5 mingtaga (2,4 barobar ko‘p) sanoatda band bo‘lgan ishchilar soni 85,2 mingdan 110,5 mingga yetdi (130 foiz), mahsulot ishlab chiqarish 2 mlrd dollardan 5,8 mlrd dollarga (2,9 barobar) oshgani ta’kidlandi.

Qayta ishlash quvvatlari meva-sabzavotda 3,1 mln tonna (2017-yilga nisbatan 147 foiz), go‘shtda 427 ming tonna (133 foiz), sutda 2,4 mln tonna (136 foiz), un ishlab chiqarishda 6 mln tonnaga (120 foiz), o‘simliklik yog‘ida 1,8 mln tonna (121 foiz)ga yetgani aytildi.

Agrologistika markazlari va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlashni rivojlantirish yo‘nalishida quyidagi loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilgan:

  1. 2023−2030-yillarda qiymati 5,3 trln so‘mlik 100 ta agrologistika markazini tashkil etib, ularning sonini 66 tadan 165 taga, quvvatini 1 mln tonnadan 3,5 mln tonnaga yetkazish, natijada, 5 ming nafardan ortiq doimiy ish o‘rinlari yaratib, agrologistika markazlarining eksport salohiyati 42 mln dollardan 600 mln dollarga (1 mln tonna meva-sabzavot) oshirish;
  2. Tashkil etiladigan agrologistika markazlarini dunyoning yetakchi kompaniyalarining eng yuqori texnologik uskunalari bilan jihozlash, korxonalarda zamonaviy sovutgichli kameralar, saralash, qadoqlash, shok usulida muzlatish texnologiyalarini yo‘lga qo‘yish va meva-sabzavotlarni sublimatsiya asosida quritish;
  3. Xususan, 2025-yilgacha Osiyo taraqqiyot bankining 197 mln dollar mablag‘lari hisobidan Toshkent (110 mln dollar), Samarqand (45 mln dollar) va Andijon (32 mln dollar) viloyatlarida quvvati 1,7 mln tonnalik 3 ta yirik zamonaviy agrologistika komlekslarini tashkil etish, komplekslarda meva-sabzavotlarni qayta ishlash, saralash, qadoqlash, saqlash, mahsulotlarni iste’molchilarga hamda ulgurji bozorga yetkazib berish bosqichlarini to‘liq qamrab olish (natijada 4 ming nafar ish o‘rni yaratilishi va 550 mln dollarlik 1 mln tonna mahsulotlar eksporti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilyapti);
  4. Hududlarda qiymati 1,2 trln so‘mlik 570 ta zamonaviy sovutkichli omborxonalar barpo etib, quvvatni 1,2 mln tonnadan 1,7 mln tonnaga (140 foiz) yetkazish;

Shuningdek, respublika hududlarida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallanmagan bo‘sh yer uchastkalari va samarasiz foydalanilayotgan davlat ko‘chmas mulk obyektlarini davlat-xususiy sheriklik asosida xususiy sektorga berib, muzlatgich va mahsulotlarni saqlash omborlarini tashkil qilish bo‘yicha normativ hujjat qabul qilinishi kutilmoqda.