AQSh Davlat departamenti 2023-yilga mo‘ljallangan “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi” (Diversity Visa, grin karta) dasturi muddatidan avval tugatilishini e’lon qildi. Bu haqda AQShning Toshkentdagi elchixonasining “Gazeta.uz”ga kelib tushgan xabarida so‘z boradi.

Davlat departamentiga har yili 55 000 ga yaqin viza berishga qonuniy ruxsat berilgan. Ushbu miqdordagi vizalar berilgandan so‘ng dastur barcha mamlakatlarda o‘sha yil uchun yakuniga yetadi. Hozirda barcha mavjud vizalar taqdim etib bo‘lingan.

Bir kun avval AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi “Turli millatga mansub immigrantlar vizasi”ning joriy yilgi mavsumi yaqin orada tugashi mumkinligi haqida ogohlantirgandi. Elchixonaning konsullik bo‘limi jami 3100 dan ortiq grin karta murojaatchilari bilan suhbat o‘tkazdi, deyiladi xabarda.

Ushbu dastur bo‘yicha viza olishga ulgurmaganlar oktabr oyi boshida qaytadan ariza topshirishlari kerak bo‘ladi.

“2023-yilgi dasturning yakunlangani viza ololmaganlarning hafsalasini pir qilishi mumkinligini tushunib turibmiz. Biz immigratsiya darajasi past bo‘lgan mamlakatlardan odamlarning Qo‘shma Shtatlarga kelishlarini osonlashtirish tarafdorimiz va xilma-xillikning jamiyatimizga qo‘shayotgan muhim hissasini hamda AQSh iqtisodiyotiga ta’sirini tan olamiz”, — deyiladi AQSh diplomatik missiyasi xabarida.