5-sentabr kuni hukumatning “Aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalarini qo‘llab-quvvatlash va ularning bandligiga ko‘maklashish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi, deya xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Hujjatga ko‘ra, 1-oktabrdan jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga bir martalik subsidiya ajratiladi. U har bir shaxs uchun 3 oydan ortiq muddatda mehnat faoliyatini davom ettirgandan so‘ng BHMning 3 baravari (990 ming so‘m) miqdorida beriladi.

budjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav (fondi) kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar bundan mustasno.

Shuningdek, mazkur sanadan quyidagilar yo‘lga ko‘yiladi:

  • “Ishga marhamat” monomarkazlari va kasb-hunarga o‘qitish markazlarida jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarga kasb-hunar va tadbirkorlik ko‘nikmalarini o‘rgatish;
  • jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarni tashkilotlardagi mavjud bo‘sh (vakant) hamda zaxiraga qo‘yiladigan ish o‘rinlariga ishga joylashtirish tizimi.

Ish beruvchilar subsidiya olish uchun tuman (shahar) kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limlariga yozma ravishda yoki my.gov.uz orqali murojaat qiladi.

Bundan tashqari, 2025-yil 1-yanvargacha tadbirkorlarga jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslarning nazoratda bo‘lgan (probatsiya) davrida mehnatga haq to‘lash tarzidagi daromadlari bo‘yicha to‘langan jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘ini qaytarib berish tizimi joriy etiladi.