Toshkent shahri Chilonzor tumanida mashinadan 27 yoshli erkak murdasi topildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot xizmati “Gazeta.uz”ga xabar qildi.

Qayd etilishicha, 31-avgust soat taxminan 18:00 larda 1996-yilda tug‘ilgan B.A. erkak yashash manzilidan o‘z boshqaruvidagi qora rangli Gentra avtomashinasida chiqib ketib, bedarak yo‘qolgan.

O‘tkazilgan tezkor-qidiruv tadbirlari davomida Chilonzor tumani, Bunyodkor ko‘chasidagi futbol sport maydoni hududida joylashgan avtoturargohda Gentra avtomashinasi ichida bedarak yo‘qolgan erkakning murdasi bosh yuz qismi bir necha qatlam polietilen paket bilan o‘ralgan holda topilgan.

Mazkur holatda erkakning murdasi shubhali holda aniqlangani va bir qator dastlabki tergov harakatlari o‘tkazmasdan turib qonuniy to‘xtamga kelish imkoni mavjud emasligini inobatga olib, Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (Qasddan odam o‘ldirish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.