Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputatlar tomonidan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga va O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko‘rib chiqildi.

Taklif etilayotgan qonun loyihasi bilan, O‘zbekistonning Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish orqali milliy, irqiy, etnik yoki diniy mansubligiga qarab bir toifa fuqarolarni boshqa toifa fuqarolardan ustunligini yoki nuqsonli ekanini targ‘ib qilganlik, nikohi qonunda belgilangan tartibda qayd etilmagan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzishga doir diniy marosimni amalga oshirganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash nazarda tutilmoqda.

Shu bilan birga, loyiha bilan ikki yoki undan ortiq xotin bilan er-xotin bo‘lib yashashni targ‘ib qilganlik, xotin-qizlar va erkaklar teng huquqliligini ochiqdan-ochiq inkor etganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Shuningdek, jamoat tartibini saqlash bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar, xususan “Xavfsiz shahar” konsepsiyasi doirasida joriy etilgan axborot dasturlarining samaradorligini yanada oshirish maqsadida jamoat joylarida shaxsini identifikatsiya qilish imkonini bermaydigan darajada yuzini to‘sgan holda bo‘lganlik uchun ma’muriy javobgarlik chorasi kiritilmoqda.

Bunda, javobgarlikni istisno qiluvchi holat sifatida tibbiy ko‘rsatma asosida yoki mehnat va xizmat faoliyati bilan bog‘liq holatlarda yoxud yo‘l-transport harakatida xavfsizlikni ta’minlash uchun kiyiladigan maxsus bosh-kiyimda yoki sport va madaniy tadbirlar paytida ularning ishtirokchilari tomonidan, shuningdek, qonunchilikda ruxsat etilgan boshqa holatlarda yuzini to‘sgan holda bo‘lish holati belgilanmoqda.

Qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.