Shavkat Mirziyoyev 5-sentabr kuni Yangi Toshkent shahrining bosh rejasi loyihasi bilan tanishdi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.

Yangi shahar prezident tashabbusi bilan poytaxtdan tashqarida “zamonaviy arxitektura yutuqlari asosida” barpo etilmoqda, deyiladi xabarda.

Bugungi kunda Toshkent shahrida yashayotgan va ishlayotgan aholi soni qariyb 5 million nafarni tashkil qilmoqda. Ko‘plab uy-joylar, muassasalar barpo etilib, infratuzilma tarmoqlariga yuklama ortmoqda. Shunga qaramay, yana yiliga 20 ming xonadonli uylar, 40 dan ortiq maktab, bog‘cha, poliklinika qurishga talab bor. Urbanizatsiya sur’atidan kelib chiqilsa, yaqin yillarda aholi soni yanada ko‘payadi, deb xabar beradi matbuot xizmati.

Mart oyida Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent qurilish maydoniga kapsula qo‘ygandi. 20-iyulda Yangi Toshkent shahrini barpo etish chora-tadbirlari bo‘yicha prezident qarori qabul qilindi. Bosh vazir rahbarligida Yangi Toshkentni barpo etish ishlarini muvofiqlashtiruvchi kengash tuzildi hamda direksiya tashkil etildi. Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligida bu loyihaga mas’ul o‘rinbosar lavozimi joriy qilindi.

Ushbu ulkan loyiha uchun Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq va O‘rta Chirchiq tumanlaridan 19 ming 720 gektar yer tanlab olingan. Birinchi bosqichda 2,5 ming gektarda 100 ming aholi uchun uy-joylar va infratuzilma obyektlari qurish rejalashtirilgan. Direksiya tomonidan yetakchi xorijiy kompaniyalar jalb etilib, rivojlangan mamlakatlarda muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan amaliyotlar asosida Bosh reja, tarmoq rejalari va manzilli dasturlar ishlab chiqilmoqda.

“ToshkentboshplanLITI” davlat unitar korxonasida bosh reja loyihasi taqdimotini qurilish vaziri o‘rinbosari — Yangi Toshkent shahar qurilish direksiyasi direktori Davronjon Odilov o‘tkazdi.

янги тошкент, шавкат мирзиёев

Loyihada yashillik, qulaylik va tejamkorlikka alohida e’tibor qaratilgan, faol iqtisodiyot va ijtimoiy hayot uyg‘unlashtirilgan, transport tarmoqlari poytaxtimiz bilan oqilona bog‘langan, — deyiladi xabarda.

Yangi Toshkent “aqlli” va “bog‘ shahar” bo‘lishi nazarda tutilmoqda. Ma’muriy markazda davlat idoralari, Yangi O‘zbekiston universiteti, kutubxona, tarix muzeyi, madaniyat saroylari joylashadi. Shuningdek, shaharda ishbilarmonlik va innovatsiya tumanlari, ta’lim, tibbiyot va turizm klasterlari bo‘ladi.

420 gektar maydonda markaziy bog‘, mavzelar orasida sun’iy kanal va ko‘llar, Chirchiq va Qorasuv daryolari bo‘yida sayilgohlar tashkil qilinib, odamlarning dam olishi uchun so‘lim sharoitlar yaratiladi. “Toshkentning yashil belbog‘i” loyihasi shu joydan boshlanadi.

Bu komponentlar loyihasi Singapur, Angliya, Xitoy, Germaniya, Turkiya, Niderlandiya, Janubiy Koreya, BAA kabi davlatlarning 20 ta ilg‘or kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilmoqda.

“32 yillik mustaqil tariximizda birinchi marta bunday shahar quryapmiz, bunga dunyodagi ilg‘or kompaniyalarni jalb qilyapmiz. Lekin bizdagi sohalar, standartlar shunga mosmi? — deya savol qo‘ydi Shavkat Mirziyoyev. — Ular zamonaviy loyihalar bilan hamohang bo‘lishi kerak. Shuning uchun qurilish, energetika, kommunal, ekologiya, irrigatsiya, transport kabi hamma tegishli sohalardagi qonunlarni, standartlarni jahonning eng yuqori talablariga muvofiq takomillashtirish zarur”.

янги тошкент, шавкат мирзиёев

Prezident bosh reja asosida yil yakuniga qadar batafsil loyihalash ishlarini yakunlash, birinchi bosqich inshootlari bo‘yicha loyihachi va quruvchi korxonalarni aniqlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

“Nima uchun bu loyihani shoshmasdan, qayta-qayta ko‘ryapmiz? Bu shahar yuz yillab xalqqa xizmat qilishi kerak. Odamlar birinchi o‘rinda bo‘lishi, kelajakdagi qurilishlar ham inobatga olinishi zarur. Birinchi bosqich mukammal qurilsa, maktab bo‘ladi”, — dedi davlat rahbari.

Bo‘lajak binolar va infratuzilma ekspluatatsiyasini hozirdan o‘ylash, bu bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash zarurligi ta’kidlandi.