Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi rasmiy tashrif bilan Belarusda bo‘lib turibdi. 5-sentabr, seshanba kuni Tanzila Narbayeva prezident Aleksandr Lukashenko bilan uchrashdi, deb xabar qildi parlament yuqori palatasi matbuot xizmati.

Uchrashuvda ikki tomonlama hamkorlikni, jumladan, siyosiy, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy-gumanitar aloqalarni mustahkamlash masalalari muhokama qilindi.

Muloqot chog‘ida O‘zbekiston — Belarus biznes doiralari va tadbirkor ayollar birinchi biznes-forumiga e’tibor qaratildi. Ushbu tadbir ayollar tadbirkorligini rivojlantirishiga muhim hissa qo‘shishi, mamlakatlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo‘yicha yangi taklif va tashabbuslarni muhokama qilish va ishlab chiqish uchun samarali maydonga aylanishi ta’kidlandi.

Erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan parlament nazoratini o‘rnatish muhimligiga alohida e’tibor qaratildi. Birgalikda faoliyat olib borish orqali gender tengligiga erishish va Belarus ayollar ittifoqi bilan hamkorlikni mustahkamlash zarurligi qayd etildi.

танзила нарбаеva, александр лuкашенко, беларuсь

BelTA Aleksandr Lukashenkoning uchrashuvidan iqtiboslar keltirmoqda. Belarus rahbari ushbu tashrif Belarus va O‘zbekiston o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi nishonlanadigan yilda amalga oshirilayotganini ta’kidladi. “Ko‘p ishlar qilindi, biroq xalqaro munosabatlar darz ketgan pallada yaxshilanish uchun imkoniyatlar bor”, — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Belarus munosabatlarni rivojlantirishga va har qanday texnologiyani baham ko‘rishga tayyor. Davlat rahbari ikki davlatning samarali hamkorligi hamda xalqaro platformalar va mintaqaviy birlashmalarda bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelayotganini alohida ta’kidladi, Belarusning SHHT a’zoligiga jadal sur’atda kirishi masalasida ko‘rsatilayotgan yordam uchun minnatdorlik bildirdi.

“Biz sizni doim qo‘llab-quvvatlaymiz, chunki sizning tinchliksevarlik, qo‘shnilar va boshqa davlatlar bilan do‘stona munosabatlar yo‘lingiz bizning ham yo‘nalishimizdir”, — dedi Aleksandr Lukashenko.

Davlat rahbari Belarusda O‘zbekistonga va asosan belarusliklarga o‘xshagan o‘zbeklarga nisbatan juda iliq munosabat borligiga e’tibor qaratdi — ular o‘z tarixida ko‘p sinovlarni yengib o‘tishga majbur bo‘lgan juda mehnatkash xalqdir, deb yozadi BelTA.

Aleksandr Lukashenko uzoq vaqtdan beri O‘zbekiston taraqqiyotini diqqat bilan kuzatib kelayotgani va Shavkat Mirziyoyevning prezident bo‘lgani xalqning omadi ekaniga ishonishini aytdi: “Sizda juda yaxshi prezident bor. Men uning ko‘zlariga qarab turib ham aytaman: senga ishongan xalqqa pand bermasliging kerak”.

“[Xalq] qaysi ma’noda omadliki, u O‘zbekiston va o‘zbeklar hayotini yaxshilamoqchi”, — deya qo‘shimcha qildi Belarus rahbari. — O‘zbekistonning kelajagi buyuk. Sizga maslahatim: prezidentingizni imkoni boricha uzoqroq saqlab qoling. Unga vaqt kerak".

танзила нарбаеva, александр лuкашенко, беларuсь

Aleksandr Lukashenko O‘zbekistonga bir necha bor tashrif buyurganini aytib o‘tdi. U qishda mamlakatning tog‘li hududlariga kelishini xohlashini bildirdi: “Yaqin kunlarda qochib, sizning tog‘laringizga tashrif buyurishga harakat qilaman”.

O‘z navbatida, Tanzila Narbayeva O‘zbekiston prezidentining salomi va mamlakatga tashrif buyurish taklifini yetkazdi. BelTAning yozishicha, Belarus rahbari O‘zbekistonda shu yil oxiri yoki kelasi yil boshida kelishi kutilmoqda.