O‘zbekiston hududi bo‘yicha ish haftasining oxirigacha havo quruq va kam bulutli bo‘ladi, faqat Farg‘ona viloyatining tog‘li hududlarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin deya xabar qildi O‘zgidromet xizmati agentligi.

4-sentabr kuni davomida O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo biroz bulutli bo‘ladi, sharqiy hududlarda o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat Farg‘ona vodiysining ayrim joylarida kunning birinchi yarmida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Havo harorati kechagi kunga nisbatan +3…+5 darajaga past bo‘lib, +24…+27 darajani tashkil etadi.

5-sentabrdan va deyarli ish haftasining oxirigacha O‘zbekiston hududi bo‘yicha havo quruq va kam bulutli bo‘ladi, faqat Farg‘ona viloyatining tog‘li hududlarida biroz yomg‘ir yog‘ishi mumkin.

8-sentabr, juma kuni bulutlilik kuchayishi kutilmoqda, respublikaning ayrim tog‘ oldi va tog‘li hududlarida qisqa muddatli yomg‘ir yog‘adi.

Haftaning birinchi yarmida ayniqsa kechasi va ertalab nisbatan salqin bo‘ladi. Harorat asosan kechalari +10…+13 daraja, kunduz kunlari +26…+29 daraja bo‘ladi. Haftaning ikkinchi yarmida harorat kechalari +15…+18 darajagacha, kunduz kunlari +29…+32 darajagacha ko‘tariladi.

Toshkentda 5−8-sentabr kunlari havo biroz bulutli bo‘ladi, vaqti-vaqti bilan o‘zgarib turadi, yog‘ingarchilik kutilmaydi. Shamol sharqdan 3−8 m/s tezlikda esadi, 7−8-sentabrda 12−14 m/s gacha kuchayishi mumkin. Harorat 5-sentabrda kechasi +11…+13 daraja, kunduzi +25…+27 daraja bo‘ladi, +6…+8-sentabrda kechalari +15…+18 darajagacha, kunduz kunlari +29…+32 darajagacha ko‘tariladi.