“Gazeta.uz” muxbiri Sanjar Said 2016-yili Xorazmga velosayohat uyushtirgan edi. Endi esa u Surxondaryo tomon velosipedda yo‘lga chiqdi. Yetti yil avvalgi safarda cho‘l hududlar nisbatan ko‘proq bo‘lgan edi, bu safar esa asosan tog‘ yo‘llari orqali mamlakat janubiga yetib borish maqsad qilingan.

Sanjar Said 2023-yilgi velosayohati haqidagi birinchi maqolasida tayyorgarlik bosqichi, qiyinchiliklar, sarf-xarajatlar, sayohatning foydali jihatlari haqida to‘xtalgan, yo‘ldagi dastlabki taassurotlari bilan o‘rtoqlashgan va shunday sayohatga chiqish niyatida yurganlarga tavsiyalar bergan.

“Velosayohat velosiped sotib olishdan boshlanadi”

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Buyuk yozuvchi Lev Tolstoy: “Barcha muhtasham hikoyalar ikki ko‘rinishda boshlanadi. Yo bir odam safarga otlanadi yoki shaharga begona odam kirib keladi”, — deb yozgan edi. Mening velohikoyam esa velosiped sotib olishimdan boshlandi. Chunki katta velosayohatlarga tayyorgarlik yaxshi velosiped sotib olishdan boshlanadi.

2016-yil Xorazmga uyushtirgan velosayohatimdan farqli ravishda bu safar noodatiy marshrut tanladim: tekis va pastliklardan iborat yo‘ldan emas, balki asosan tepalik va tog‘ yo‘llaridan o‘tuvchi Toshkent-Bo‘ka-Xo‘jand-Bekobod-Zomin-Baxmal-Urgut-G‘uzor-Dehqonobod-Boysun-Jarqo‘rg‘on-Termiz yo‘nalishida yurishga qaror qildim. Buning uchun esa tog‘li yo‘llarga bardoshli va ayni vaqtda yengil, qiyin vaziyatlarda pand bermaydigan velosiped zarur. Narxi ham juda yuqori bo‘lmasa — ayni muddao.

Sayohatga chiqishdan bir hafta avval ham ikki g‘ildirakli hamrohimni tanlab ulgurmagan va bu meni tashvishga sola boshlagan edi. Shu orada Marg‘ilonda bo‘ldim, u yerda Yevropadan keltirilgan velosipedlar sotiladigan joy haqida aytib qolishdi. Darhol o‘sha yerga bordim, sotuvchi Absumat akadan bo‘lajak sayohatim uchun mos velosiped tavsiya qilishini so‘radim. U kishi menga Yevropada emas, Tayvanda ishlab chiqarilgan, ammo pishiq, yengil (alyumin ramali, og‘irligi 8−9 kg atrofida), haydashga qulay velosipedni tavsiya qildi.

Velosipedni haydab ko‘rdim — haqiqatan ham yurishi tez, moyda ishlaydigan tormozlari yaxshi. Boshqalari bilan solishtirgach, ikkilanmay shu velosipedni tanladim. Narxi — 4,1 mln so‘m ($340).

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Sayohat uchun qanday velosiped tanlagan ma’qul deb so‘raganlarga, bu moddiy imkoniyatingizga bog‘liq, deb javob bergan bo‘lar edim. Avvalgi sayohatimga eng arzon (100 dollarlik), og‘ir, bagajsiz velosipedda chiqqandim. Tog‘li hududlar uchun balonlari qalin, dyuymi kichikroq (26) velosiped tanlagan ma’qul. Safar shosse va magistrallar bo‘ylab uyushtirilsa, ingichka balonli, dyuymi kattaroq (28) velosipedlar qo‘l keladi. Rul va egar masalasida, agar imkon bo‘lsa, ruli “kapalak” bo‘lgani ma’qul (qo‘l yoki yelka og‘rib ketganida tayanib olish mumkin), egar esa boshlovchilar uchun yumshoqroq, tana tuzilishiga mos bo‘lgani maqsadga muvofiq.

Velosipedda nimalar bo‘lishi kerak?

Birgina velosipedning o‘zi bilan sayohatga chiqib bo‘lmaydi, albatta. Unga Yo‘l harakati qoidalarida belgilangan talablardan kelib chiqib, chiroq, oldiga oq, orqasiga qizil, g‘ildiraklariga esa zarg‘aldoq yoki qizil rangli nur qaytargichlar, signal o‘rnatilishi shart. Qorong‘ida haydashga to‘g‘ri kelib qolishini hisobga olib, nur qaytaruvchi maxsus nimcha yoki nur qaytaradigan elementlari bor ustki kiyim ham bo‘lishi kerak.

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Velosipedni sayohatga tayyorlashda unga bagaj, telefontutqich, tezlik va masofani ko‘rsatib turuvchi jihoz ham o‘rnatish kerak. Bagajga kiyim-kechak va zarur narsalarni solish uchun xurjunli sumka o‘rnatilsa, pul, kalit va boshqa ko‘p ishlatiladigan buyumlar uchun ramaga ilinadigan kichik sumkacha ham olgan ma’qul — uzoq safarlarda bunday narsalarni cho‘ntakda olib yurish noqulaylik tug‘dirishi mumkin.

Velosayohatga nimalarni olish kerak?

Uzoq sayohatga chiqqan kishi iloji boricha eng zarur narsalarni kerakli miqdordagina olishi kerak. Masalan, kiyim-kechakni olaylik. Shaxsiy tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, sayohatga ikki sidra — bir jufti velosipedni haydayotganda, ikkinchisi esa zaxira — ixcham va qulay kiyim, bitta yengil ustki kiyim (faslga qarab farq qilishi mumkin), bitta bosh kiyim (kepka), ikki-uchta ichki kiyim va uch-to‘rt paypoq yetarli. Qolgani ortiqcha yuk ham kiyishga fursat bo‘lmaydi.

Oziq-ovqat. Pista-bodom, turshak-mayiz, konfet, kolbasa, qazi, konservalar, quritilgan non… Bularning hech biri kerak emas, kamida O‘zbekiston sharoitida — yo‘lda yegulik hamma narsani topsa bo‘ladi.

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Vaqt va masofa to‘g‘ri chamalansa, keyingi manzilgacha ovqatlanishga, yo‘l o‘rtasida biror narsa tamaddi qilib olishga hojat bo‘lmaydi. Rulda kavshanib ketish esa mutlaq noto‘g‘ri: salgina chalg‘ish oqibatida rul burilib ketib, yiqilish va jarohat olish hech gapmas.

Velosayohatda odamni ochlikdan ko‘ra ko‘proq chanqoq qiynaydi. Shuning uchun suv masalasida oldinda aholi punktlari, savdo shoxobchalari bor-yo‘qligini hisobga olib tadorik ko‘rish kerak. Ammo aslo va aslo gazli ichimliklar, sharbatlar, energetiklar icha ko‘rmang. Muzday suv ichishdan ham ehtiyot bo‘lish kerak.

Dori-darmon. Men o‘zim bilan har ehtimolga qarshi ich buzilishi, og‘riq va allergiyaga qarshi dorilar hamda plastir oldim. Yod ham olgandim, to‘kilib, hamma joyni rasvo qildi. Spirt ham bor. Menimcha, shularning o‘zi yetarli.

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Chodir. Tog‘ yo‘lida yurishning o‘ziga yarasha mashaqqatlari bor. Ko‘zlagan manzilga yeta olmay qolganda, yo‘l chetida, panaroqda chodir qurib, tunab qolish mumkin. Chodir bilan birgalikda yotoqqop hamda to‘shak o‘rnida maxsus matras (shishiriladigan) yoki oddiygina sintefon ham olish mumkin. Ilib yoki taqib qo‘yiladigan alohida chiroq (chodirga ilib qo‘ysa ham bo‘ladi), pauerbank, quvvatlagichlar ham yoddan chiqmasin.

Shuningdek, universal pichoqcha, balon uchun zaxira kamera, kamera yamash uchun jamlanma (yelim va rezinadan iborat), turli kalitlar (15 mm, olti burchakli va hokazo), qulf-kalit (zanjirli bo‘lgani ma’qul), shaxsiy gigiyena vositalari (yuvinish va kir yuvishga bitta atirsovun, tish cho‘tkasi va pastasi, nam va quruq salfetkalar), sochiq bo‘lishi kerak.

Chodir bo‘lgach ovqat tayyorlash uchun qozoncha ham kerak. U imkon qadar yengil va ixcham bo‘lsin. Men sayohatga mo‘ljallangan, bir-birining ichiga solinadigan tova, qozoncha va choynakchadan iborat jamlanma sotib olganman. Cho‘mich o‘rnida ham ishlatish mumkin bo‘lgan qoshiqcha ortiqchalik qilmasa kerak.

Xarajatlar

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Velosayohatga tayyorgarlik ko‘rish va safar davomida qancha xarajat bo‘lishi hammaga qiziq bo‘lsa kerak. Bu borada aniq bir raqamni keltirish qiyin: hammasi moddiy imkoniyatga bog‘liq. Maksimal tejamkor rejimda velosiped va aksessuarlari, zarur buyumlarga 1,5−2 mln ham so‘m sarflash mumkin. Agar velosiped bo‘lsa yoki uni kimdandir olib turish imkoniyati bo‘lsa, minimal tayyorgarlik uchun 200−300 ming so‘m ham yetadi.

O‘rtacha holatda esa 6 mln so‘m (3−4 mln so‘m velosipedga, qolgani zarur narsalarga) bilan yo‘lga chiqishga shay holga kelish mumkin. Sayohat davomida esa oshxonalarda ovqatlanib, mehmonxonalarda qolinadigan bo‘lsa, bir kunga o‘rtacha 200−300 ming so‘m xarajat qilish mumkin. Chodirda qolib, o‘zingiz ovqat qilsangiz, bu xarajatlar o‘n baravargacha qisqaradi. Ovqat masalliqlarini eng yaqin aholi punktidan sotib olasiz.

O‘z tajribamdan kelib chiqadigan bo‘lsam, ko‘pincha ovqatlanish va tunab qolishga pul sarflamayman: tanish-bilishlar, do‘stu qarindoshlarimning uylariga boraman, yo‘lda velosayohatga chiqqanimni ko‘rgan mahalliy aholi uylarida mehmon bo‘lishni taklif qiladi. Samimiyatiga qarab, takliflarini qabul qilib ketaveraman.

Bundan tashqari, biror shahar yoki aholi manziliga yetib bormasdan avval ijtimoiy tarmoqlarda o‘sha hudud aholisi uchun ochilgan guruhlar yoki boshqa ommaviy guruhlar (maxsus kraudfanding platformalari ham mavjud, bu ayniqsa, xorijiy davlatlarda foyda beradi) safarim haqida e’lon berib, o‘sha joyning diqqatga sazovor joylari, mashhur taomlari, arzonroqqa tunab qolish mumkin bo‘lgan joylari haqida so‘rayman.

Ishonchim komilki, ular orasida sayohatchilikka qiziqadigan, biz bilan suhbatlashishga va o‘zining beminnat yordamini ko‘rsatishga tayyor odamlar topiladi. Bundan tashqari, yo‘l chetidagi oshxonalar, xizmat ko‘rsatish shoxobchalari ham bepul tunab qolishga ruxsat berishi mumkin.

Bir kunda qancha masofani bosib o‘tish mumkin?

Velosipedda bir soatda va bir kunda qancha masofani bosib o‘tish mumkin? Avval shaxsiy tajribamdan kelib chiqib aytaman: bir soatda o‘rtacha 18−20 km, bir kunda esa 40 dan 160 km gacha masofani bosib o‘tsa bo‘ladi. Bu tayyorgarlik, avvaldan tuzilgan reja, yo‘l sifati, baland-pastligi, sheriklar bo‘lsa, ularning holati, velosipedning sozligi va boshqalarga bog‘liq.

O‘zim eng ko‘p 170 km yurganman (Toshkentdan Chorvoqqa borib-kelish). Buxoro-Xorazm yo‘lida 135 km yurganman. Eng qisqasi esa Gulistondan Oqoltingacha 40 kilometrcha masofa bo‘lgan.

Agar maqsad oraliq masofani tezroq bosib o‘tish bo‘lsa, kuniga 200 km masofani ham bosib o‘tish mumkin: bu jismoniy tayyorgarlik va yo‘lga bog‘liq. Ammo professional sportchi yoki juda uzoq masofalar (Yevropa, Xitoy, Rossiya)ga yo‘lga chiqqan professional sayohatchi bo‘lmasangiz, o‘zingizni urintirmay avtomobil yoki boshqa transportda ham borib qo‘ysa bo‘ladi.

Velosayohatdan nima foyda?

Menga ko‘pchilik shu savolni beradi. “Hech qanday foyda yo‘q, bu ham bir nosni kayfiday kayf”, deya hazillashadigan bo‘ldim bu yildan. Jiddiy aytadigan bo‘lsam, velosayohatning foydalarini sanab ado etish qiyin. Avvalo, salomatlikka, kayfiyatga, o‘ziga bo‘lgan ishonchga, dunyoqarash, tafakkurning o‘sishiga, tanish-bilish, aloqalarning kengayishiga juda katta ijobiy foydasi bor.

Uzoq masofalarga safar qilarkansiz, fikrni bir joyga jamlash, hayotni sarhisob qilish, o‘tmishdagi xatolardan xulosalar chiqarish, kelajak rejalarini tuzish mumkin. Ya’ni, katta o‘zgarishlar oldidan yaxshi tayyorgarlik sifatida qabul qilsa ham bo‘ladi.

Velosayohat, bu — irodani chiniqtirish, hayot qiyinchiliklari oldida taslim bo‘lmaslik, qo‘rqmaslik, murakkab vaziyatlardan chiqish ko‘nikmalarini shakllantirish, mustaqil yashash, haqiqiy ozodlik va erkinlikni his qilish demakdir! Velosayohat, bu charchab uxlash, chanqab suv ichish, och qolib ovqatlanish degani!

Ha, qiyinchliklari ham bor. Dastlabki kunlarda tanangizdagi og‘riqlar sizni orqaga — tinchgina, sokin va qulay hayotga qaytishga chaqiraveradi. Ozroq sabr qilib, o‘zingizda kuch va matonatni topa olsangiz, tana barchasiga ko‘nikadi, pishadi va keyin yanada og‘irroq, yanada qiyinroq vazifalarni zimmaga olishdan qochmaydi.

Tepalik tomon qiynalib pedal aylantirgan sari shijoatingiz jo‘shadi. Olisdan oshib bo‘lmasdek ko‘ringan tog‘lar vaqt o‘tib oyoqlaringiz ostida qoladi. Qarshingizda og‘ir va yechib bo‘lmas hayot tashvishlari tog‘i turgandek bo‘ladiyu, sabr va matonat bilan ularni birma-bir yengasiz. Shundan so‘ng har qanday qiyinchilik oldida ishonch bilan: “Ha, men uddalayman!”, deya olasiz. Chunki uddalay olishingizni allaqachon o‘zingizga ham, atrofingizdagilarga ham isbotlab bo‘lgansiz!

Birinchi kun

Aslida yuqoridagi “motivatsion nutq"dan keyin birinchi hikoyaga yakun yasasa ham bo‘lardi. Ammo men allaqachon sayohatga chiqib bo‘lganman va ilk taassurotlarimni yozib qo‘ymasam bo‘lmas. Chunki keyingi maqolalar ham qiziqarli sarguzashtlarga boy bo‘ladi, ularni yo‘lga chiqqanim haqidagi zerikarli monolog bilan boshlamaganim ma’qul, deb o‘yladim…

Rejaga ko‘ra tong saharda Toshkentdan Bo‘kaga qarab yo‘lga chiqishimiz kerak edi (darvoqe, avvalgi velosayohatimdan farqli o‘laroq bu safar menga yosh do‘stim Muhammad Zafar hamrohlik qilyapti). Ammo yomg‘ir rejalarimizga bir oz o‘zgartishlar kiritdi va, shu tariqa, sayohatimiz soat 14:30 da Qo‘yliq yaqinidan boshlandi. Biroz yomg‘ir yog‘ib turganiga qaramay, havo juda ajoyib, sayohatbop bo‘ldi.

sanjar said, velosayohat, velosiped, velosipedchi

Qo‘yliqqacha 25, u yerdan Bo‘kagacha 50 km masofani bosib o‘tib, birinchi manzilga yetib keldik. Yo‘lda deyarli qiynalmadik. Yo‘l tekis va ravon, baland-pastliklar deyarli yo‘q edi. Orada “Toshkent dengizi” sohilida to‘xtab, rasmga tushdik, biroz hordiq chiqardik. Quyosh botar-botmas shaharga kirib, qadrdon do‘stlarimizdan birining xonadonida mehmon bo‘ldik.

Tong otgach, Shohruxiya qal’asi xarobalarini izlab yo‘lga chiqdik. Mo‘g‘ul bosqinidan so‘ng huvillab qolgan ushbu qal’a faqat sohibqiron Amir Temur davrida qayta tiklangan va shu bois buyuk sarkardaning kenja o‘g‘li Shohrux nomi bilan atalgan edi. Shohruhiyaga sayohatimiz — alohida mavzu…

Sayohat tafsilotlari — kelgusi maqolada