2-sentabr kuni “Kapital bozorini rivojlantirishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori [PQ-291] qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligi xabar qildi.

Qarorga ko‘ra:

  • “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” davlat unitar korxonasi “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJga o‘zgartiriladi va uning ustav kapitalidagi davlat aksiyalari paketi Markaziy bankka o‘tkaziladi;
  • “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ ta’sischiligida “Milliy kliring markazi” AJ tashkil etiladi.

2025-yil 1-yanvardan davlat va korporativ qimmatli qog‘ozlarning yagona hisobi “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJda yuritiladi

2028-yil 31-dekabrgacha “Qimmatli qog‘ozlar markaziy depozitariysi” AJ, “O‘zbekiston respublika valyuta birjasi” AJ va “Toshkent” respublika fond birjasi" AJ mablag‘larni maqsadli ravishda ularni rivojlantirishga yo‘naltirgan holda dividendlarni hisoblash va to‘lashdan ozod qilinadi.

Kapital bozori sohasida “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi joriy qilinadi.

2023-yil 1-oktabrdan:

  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarning aksiyalari fond bozorida ommaviy taklif qilish orqali joylashtirilgandan so‘ng kamida 7 yil davomida mazkur korxonalar sof foydasining kamida 30 foizi dividend to‘lashga yo‘naltiriladi;
  • davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalarga xizmat ko‘rsatuvchi anderrayterlarning xizmat haqi qimmatli qog‘ozlar rejalashtirilganga nisbatan qimmatroq va (yoki) ko‘proq joylashtirilganligi natijasida shartnomada kelishilgan miqdordan oshgan hollarda, shartnoma boshlang‘ich narxini 10 foizdan ortiqqa oshirmaslik to‘g‘risidagi cheklov bekor qilinadi.

Qimmatli qog‘ozlar fond birjasi listingiga kiritilmagan aksiyadorlik jamiyatlarining rasmiy veb-sayti bo‘lishi haqidagi majburiy talab bekor qilinadi, bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan aksiyadorlik jamiyatlari mustasno.