1-sentabr kuni Andijon viloyatida 2009-yildan buyon yopiq bo‘lgan “Mingtepa” va “Xonobod” o‘zbek-qirg‘iz chegara bojxona postlari ochildi.

Marhamat tumanida joylashgan, Qirg‘izistonning Aravon tumani bilan bog‘lovchi “Mingtepa” (Mingtepa/Qora-Bog‘ish) chegara posti avval 0,5 gektar maydonda joylashgan, hozirda esa 1,12 gektar maydonni egallaydi.

Kunduzgi vaqtda faoliyat olib boruvchi xalqaro maqomdagi “Mingtepa” chegara bojxona postida bir kunda 4−5 ming fuqaro hamda 200 tagacha avtotransport vositasi o‘tishi va qaytishi mumkin, deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Ochilish marosimida viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov ham qatnashib, u yerda yig‘ilgan o‘zbek va qirg‘iz halqini tabrikladi.

Shundan so‘ng O‘zbekistonning eng sharqiy hududidagi Xonobod shahrida joylashgan “Xonobod” (Xonobod/Bek-Obod) chegara bojxona postining ham ochilishi bo‘lib o‘tdi. Bu post ham 2009-yilda o‘z faoliyatini to‘xtatgandi.

Avval 1,3 gektar maydonda joylashgan post bugungi kunda 2,2 gektar maydonda qayta tashkil etilgan.

Uzluksiz faoliyat olib boruvchi xalqaro maqomdagi ushbu postda kuniga 9−10 ming fuqaro hamda 300 tagacha avtotransport vositasi harakatlanishi mumkin.

Tadbirda viloyat hokimi Shuhrat Abdurahmonov nutq so‘zlab, Shavkat Mirziyoyev u bilan bog‘langani va hammani uning nomidan tabriklashini aytganini bildirdi.

o‘zbek-qirg‘iz chegara posti, qirg‘izистон

“Hozir yo‘lda kelayotsam, hurmatli prezidentimiz aloqaga chiqib, hammani mening nomimdan tabriklagin, dedi”, — deya ta’kidladi u.

Ma’lumot uchun, 1-sentabrdan ikki davlat fuqarolari ID kartalar orqali (“zagran” pasportsiz) ikki davlat hududiga kirish, chiqish, tranzit o‘tish, harakatlanish va unda bo‘lib turishlari mumkin bo‘ldi.

Faollar o‘tkazish punktlari ochilgani haqida

Iqtisodchi Otabek Bakirov Marhamat tumanidagi punkt ochilgani haqida post qoldirdi.

“Chegaraviy savdo va transport aloqasi rivojlanishi hisobiga Aravon va Marhamat tumanlari yangi iqtisodiy samara va imkoniyatlarga ega bo‘ladi. Logistik jihatdan o‘ta qulay bo‘lgan Qora-Bog‘ish/Mingtepa o‘tkazish punktining ochilishi nafaqat qo‘shni tumanlar, Farg‘ona, Quva, Marg‘ilon va Asakadan O‘shgacha bo‘lgan masofani qisqartirib, aholi va biznes uchun transport qatnovini osonlashtiradi, arzonlashtiradi”, — deya ta’kidlaydi u.

Bakirov, shuningdek, ikki mamlakatga kirish-chiqishda yo‘l va xarajatlar qisqarganiga to‘xtaldi.

“Shundoq ariqning narigi tarafidagi qishloqqa o‘tish uchun Do‘stlik posti orqali deyarli 100 km aylanib borish kerak edi. Bu kamida 100 ming so‘m xarajat degani. Endi Damas`ga o‘tirib, chegaragacha 2 ming so‘m, Aravongacha 3 ming so‘m bilan yetib olsa bo‘ladi”, — deydi iqtisodchi.

Jurnalist Shuhrat Shokirjonov esa “So‘x yo‘li ham ochilishi kerak”, deya tvit qoldirdi.

“Idealda Qirg‘iziston Cho‘ng‘ara ekslavgacha va undan yana So‘x eksklavgacha to‘g‘ri tortilgan (chegara NO‘Psiz) estakada ko‘prik va tunellar qurishga ruxsat bersa yaxshi bo‘lardi”, — deb yozdi Shokirjonov.

Otabek Bakirov unga javob qaytararkan, shunday dedi: “Iqtisodiy integratsiya bu savollarni o‘z-o‘zidan yechadi. Belgiya ichida joylashgan Gollandiya shaharlari, Gollandiyaning ichida joylashgan Belgiya shaharlari bor”.