Prezident Shavkat Mirziyoyev 31-avgust kuni Toshkentda O‘zbekiston mustaqilligining 32 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimda nutq so‘zladi.

U xalqni bayram bilan tabriklar ekan, O‘zbekistonni 32 yil avval tug‘ilgan va hozirda maqsadlariga ega bo‘lgan shaxsga qiyosladi va mamlakatni “aniq maqsadi va yo‘li, pozitsiyasiga ega bo‘lgan suveren davlat” deb atadi.

“Bu — butun xalqimizning tarixiy yutug‘i. Unda har biringizning munosib hissangiz bor”, — dedi davlat rahbari.

“Vatandoshlarning pok nomlarini tiklash”

“O‘zbekiston o‘z suvereniteti, davlat mustaqilligiga osonlik bilan erishgani yo‘q. Bu yo‘lda ajdodlarimizning siyosiy va ma’rifiy intilishlari so‘nggi bir yarim asr davomida deyarli to‘xtamadi. Hurriyat uchun kurashgan ko‘plab Vatan fidoyilari qatag‘on etildi, istiqlolga intilgan millat qahramonlari zulm va zo‘ravonlik qurboni bo‘ldi”, — dedi prezident.

“Biz yurt ozodligi yo‘lida kurashgan, nohaq ayblanib, bu dunyodan armon bilan ketgan vatandoshlarimizning pok nomlarini tiklashni o‘z oldimizga maqsad qilib qo‘ygan edik. So‘nggi uch yilda ularning 856 nafari Oliy sud tomonidan oqlandi. Biz bunday ezgu ishlarni, albatta, davom ettiramiz. Zero, bu masalada adolat qaror topishi shart”, — deya ta’kidladi Shavkat Mirziyoyev.

“Paxta hukmronligi asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz”

“O‘tmishga nazar tashlar ekanmiz, achchiq bir haqiqatni tan olishga majburmiz: „o‘zbek“ deganda, faqat ertayu kech paxta dalasida mehnat qiladigan zahmatkash insonlar tasavvur qilinar edi. Afsuski, shu darajaga tushib qolgan edik. Paxta hukmronligi o‘zbekning peshanasiga yozilgan balo bo‘ldi”, — dedi prezident.

“Paxta siyosati Orolni quritdi, ekologiyamizni inqirozga olib keldi, iqtisodiyotimizni, ta’lim tizimini izdan chiqardi. Oqibatda bir necha avlod chalasavod bo‘lib voyaga yetdi. Biz buning asoratlari bilan haligacha kurashyapmiz”, — dedi u.

“Bugun paxtachilikda bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha o‘z egasini topdi. Natijada o‘qituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi, tadbirkorlar paxta “o‘lponi”dan ozod bo‘ldi, majburiy va bolalar mehnatiga chek qo‘yildi. O‘zbekiston xalqaro “qora ro‘yxatlar”dan chiqarildi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir”

mustaqillik kuni, шавкат мирзиёев

Prezident “Siyosiy mustaqillik zamirida, eng avvalo, iqtisodiy mustaqillik yotadi”, deb ta’kidlab, olti yil ichida iqtisodiyot 1,5 barobardan ortiqqa o‘sgani, kambag‘allik 2 barobardan ko‘proqqa qisqarganini ta’kidladi.

“Lekin biz bugun bilan kechagi kunni emas, bugun bilan ertangi kunni taqqoslashimiz, ishimizni shu asosda tashkil etishimiz kerak. Chunki kelajak bugun biz tashlayotgan qadamlardan boshlanadi”, — deya qayd etdi u.

“Biz mutafakkir zotlarning: „Davlatning vazifasi insonlarni baxtli-saodatli qilishdir. Bu maqsadga esa ilm va yaxshi axloq yordamida erishiladi“, degan hikmatli so‘zlarini o‘zimiz uchun dastur deb bilamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

U mamlakat taraqqiyotida ta’limning ahamiyati katta ekanini ta’kidladi: “Ta’limni rivojlantirmasdan turib, yuksak taraqqiyotga erisha olmaymiz. Har qanday muammoning yechimi ham, ertangi kunimizni hal qiluvchi omil ham, shubhasiz, ta’limdir”.

Shuningdek, sog‘liqni saqlash, biznesni rivojlantirish, sud tizimini takomillashtirish hamda suv va yoqilg‘i-energetika muammolarini hal etish davlat oldida turgan ustuvor yo‘nalishlar ekani qayd etildi.

Bugun zamonning o‘zi talab qilayotgan ilm-fan, innovatsiya, IT va aqliy mehnatga asoslangan boshqa sohalar O‘zbekiston iqtisodiyotining yaqin kelajakdagi asosiy lokomotivlariga aylanadi, bu sohalarni jadal rivojlantirishga ustuvor ahamiyat qaratyapmiz, dedi prezident.

“Tabiiy resurslar kelajak avlodlarga ham tegishli boylikdir”

Shavkat Mirziyoyev ekologik muammolar va suv tanqisligini O‘zbekiston uchun muhim masala deb atadi:

“Tarozining bir pallasida o‘sib borayotgan qurilishlar, ishlab chiqarish, qishloq xo‘jaligi turgan bo‘lsa, ikkinchi pallasida har birimiz uchun eng zarur bo‘lgan suvni tejash, atrof-muhit ifloslanishining oldini olish va yer resurslaridan oqilona foydalanish masalasi turibdi”.

Bizning vazifamiz har ikki yo‘nalishda ham muvozanatni saqlashdan iborat. Hech qachon unutmasligimiz lozimki, tabiiy resurslar kelajak avlodlarimizga ham tegishli bo‘lgan boylikdir. Shu bois ulardan nafaqat bugungi, balki ertangi kunimizni ham o‘ylab, oqilona foydalanishimiz zarur”, — dedi u.

“Bu borada suvni, energiya va boshqa tabiiy resurslarni tejaydigan iqtisodiyotga tezroq o‘tish muhim ahamiyatga ega. Biz uchun „yashil“ va raqamli texnologiyalar, innovatsion ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish vazifasi ham dolzarb bo‘lib turibdi”, — dedi davlat rahbari.

“Bizning kuchimiz turli madaniyatlarning birlashtirilganida”

mustaqillik kuni, шавкат мирзиёев

Prezident so‘zida davom etdi: “Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekistonning dunyoviy davlat va turli madaniyatlarni birlashtirgan makon ekani aniq belgilab qo‘yildi. Bizning kuch-qudratimiz — mana shunda, biz bu boylikni ko‘z qorachig‘idek asrashimiz kerak. Tarixga qaraydigan bo‘lsak, asrlar davomida yurtimizda turli xil e’tiqod va qarashlar, dinlar, madaniyatlar bag‘rikenglik bilan qabul qilinganini ko‘ramiz”.

Biz — nizolarni urush bilan emas, tinchlik bilan hal etish yo‘lini tanlaydigan xalqmiz. Biz barcha xalqlar bilan hamisha murosai madora, do‘stlik va hamkorlikda yashab kelganmiz. Bugungi taraqqiyot yo‘limizda ham aynan shu tamoyillarga tayanamiz”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

“Bizga kuchli fuqarolik jamiyati zarur”

Bizga, birinchi navbatda, kuchli fuqarolik jamiyati zarur, chunki har qanday islohot har birimizning yuragimizdan, ongimizdan boshlanishi lozim. Adolatli qonunlar bo‘yicha vijdonan yashashga tayyor bo‘lishimiz, mamlakat kelajagi uchun bir yoqadan bosh chiqarib, olg‘a qadam bosmog‘imiz kerak”, — dedi u.

“Rivojlangan fuqarolik jamiyatini shakllantirish haqida gap borar ekan, buni so‘z va matbuot erkinligisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Butun dunyoda jurnalistlar o‘zlari va jamiyatni o‘ylantirayotgan, xavotirga solayotgan mavzular haqida gapirish va yozish huquqi uchun, haqiqat uchun kurashganlar va bundan keyin ham kurashadilar”, — dedi prezident.

“Ishonch bilan ayta olamanki, men erkin fikrli jurnalistlar tarafida bo‘lganman va doimo shu pozitsiyada bo‘laman. Ayni vaqtda axborot makonida haqqoniylik va xolislik bosh mezon bo‘lishi kerak”, — deya qo‘shimcha qildi u.

“Barcha sohalarda ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish”

Shakat Mirziyoyev ma’rifatparvar Abdurauf Fitratdan iqtibos keltirgan holda: “Xotin-qizlar — millat onalaridir”, — dedi.

“Oldimizda turgan yana bir muhim vazifa — jamiyat hayotining barcha sohalarida ayollar uchun teng imkoniyatlar yaratish. Hurmatli xotin-qizlarimizning jamiyatdagi o‘rni va nufuzini oshirish, ularning huquq va manfaatlarini, kasb sohasi bo‘yicha o‘sishini ta’minlash borasida o‘tgan davrda ko‘p ishlarni amalga oshirdik. Shu bilan birga, bu yo‘nalishda qiladigan ishlarimiz ham oz emas”, — dedi u.

“Bu yil oiladagi zo‘ravonlikka qarshi qonunni qabul qildik. Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad — oilalar mustahkamligini, ayollarimizning baxti va himoyasini ta’minlashdir. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarimizni bundan keyin ham izchil davom ettiramiz”, — deya qo‘shimcha qildi prezident.

“Birlashsak, kuchli davlatmiz”

“O‘zbekistonning har bir farzandi xalqimizning birdamligi, mamlakat yaxlitligi uchun kurashib yashashni o‘z hayotining ma’nosi deb bilmog‘i kerak”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Biz bir bo‘lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — kuchli davlatmiz!, — deya ta’kidladi u.

Shavkat Mirziyoyev o‘zbek xalqini “jamiki sa’y-harakatlarimiz mamlakat ravnaqi uchun, o‘z vataniga sadoqatli xalqimiz uchun, sizlar uchun”, — deya ishontirdi.

“Biz endi kechagi odamlar emasmiz. Xalqimiz ham kechagi xalq emas. Tarixdan ma’lum: vaqtni — imkoniyatga, imkoniyatni — yutuqqa, yutuqni taraqqiyot poydevoriga aylantira olgan xalq — buyuk xalqdir. Bugun mehnatkash, mard va olijanob, mehr-oqibatli elimiz ayni shunday xalq bo‘lib maydonga chiqmoqda”, — dedi u.