Iqtisodiyot va moliya vazirligi fuqarolarni Open Budget portalida tashabbusli budjet doirasida ovoz berishga majburlash holatlari haqida xabar berishga chaqirdi.

Vazirlik ovozlarni yig‘ishga majburlash ishchilarni majburiy mehnatga jalb qilish sifatida tasniflanishini eslatdi. Mehnatga ma’muriy majburlash uchun Bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravaridan 100 baravarigacha bo‘lgan miqdorda (16,5 million so‘mdan 33 million so‘mgacha) jarima nazarda tutilgan. Agar bu huquqbuzarlik o‘qituvchiga nisbatan sodir etilgan bo‘lsa, jarima BHMning 100 baravaridan 150 baravarigacha (33 million so‘mdan 49,5 million so‘mgacha) bo‘ladi.

Ovoz berishga majburlash bo‘yicha barcha murojaatlar huquqiy baho berish uchun vakolatli organlarga yuboriladi, dedi vazirlik.

Bunday holatlar haqida 71−203−51−41 va 71−203−50−50 (ichki raqami — 01115) telefon raqamlari orqali, shuningdek, Open Budget portalidagi onlayn arizalar bo‘limi orqali xabar berish mumkin.

Tashabbusli budjetining ikkinchi mavsumi bo‘yicha ovoz berish 27-avgustdan 16-sentabrgacha davom etadi. Taklif etilgan 49 464 ta tashabbusdan 33 489 tasi ovoz berish bosqichidan o‘tdi. Eng ko‘p ovoz to‘plagan loyihalarni moliyalashtirish uchun 1,02 trillion so‘m ajratilgan.

Masalan, Farg‘ona viloyatining O‘zbekiston tumanidagi 4-sonli bolalar bog‘chasining devor, shift, pol, kanalizatsiya, hojatxona, oshxonasini ta’mirlash, elektr tarmoqlarini yangilash talab etiladi.