Ben Uolles Buyuk Britaniya mudofaa vaziri lavozimini tark etdi, u 2019-yil iyulidan beri bu lavozimni egallab kelayotgandi. Uning bosh vazir Rishi Sunak nomiga yozgan iste’fosi haqidagi maktubi hukumat saytida e’lon qilingan.

2023-yil iyul oyida Uolles Sunak tomonidan rejalashtirilgan navbatdagi o‘zgarishlar paytida Vazirlar Mahkamasidan ketish niyatida ekanini e’lon qilgandi. Keyinroq vazir siyosatdan charchaganini qayd etgan. U o‘z maktubida o‘ta bandligi tufayli hayotning e’tiborsiz qoldirgan sohalariga vaqt ajratishni va “o‘zi uchun yangi imkoniyatlarni kashf qilishni” istayotganini takrorlagan.

Uolles bosh vazirga qo‘llab-quvvatlagani va do‘stona munosabati uchun minnatdorlik bildirib, hukumat rahbari va uning kabinetini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini ta’kidladi. Shuningdek, u Britaniya Qurolli kuchlari butun dunyoda hurmat qilinishini va Ukrainadagi mojaro boshlanganidan keyin “bu hurmat yanada kuchayganini” ta’kidladi.

Javob maktubida Vazirlar Mahkamasi rahbari Uollesga vazirlik lavozimidagi faoliyati uchun minnatdorlik bildirib, u birinchilardan bo‘lib Moskvaning Ukrainaga nisbatan “haqiqiy niyatlarini ko‘ra olgani” va urush boshlanishidan oldin Kiyevga qurol yetkazib bera boshlaganini ta’kidladi.

“Mamlakatimiz Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishiga javob qaytarishda boshqalarga o‘rnak bo‘lganidan faxrlanaman. Siz Ukrainaga mamlakatimizda ham, xorijda ham ko‘rsatilayotgan yordamni kuchaytirishda hal qiluvchi rolni o‘ynadingiz”, — deb yozadi Sunak va u 53 yoshli Uollesning deyarli 9 yil yuqori davlat lavozimlarida ishlaganidan keyin nafaqaga chiqish istagini to‘liq tushunishini ta’kidlab o‘tdi.

Uolles 2016—2019-yillarda Buyuk Britaniya ichki ishlar vaziri o‘rinbosari bo‘lgan. 2019-yil 24-iyuldan Mudofaa vazirligi rahbari lavozimiga kirishgan.

Mudofaa vazirligining yangi rahbari

Bosh vazir Rishi Sunak yangi mudofaa vazirini tayinladi. Bu lavozimni shu vaqtgacha Energetika vazirligini boshqargan Grant Shapps egalladi.

бен uоллес, buюк британия, грант шаппс, mudofaa vazirligi

Foto: Reuters

X ijtimoiy tarmog‘ida (sobiq Twitter) Shapps uning rahbarligida Britaniya Mudofaa vazirligi Ukrainaga yordam berishda davom etishiga va’da berdi.

Shapps o‘tgan haftada Kiyevga energetika xavfsizligi vazirligi rahbari sifatida tashrif buyurgandi. Tashrif chog‘ida u Buyuk Britaniya Ukrainaning energetik xavfsizligini mustahkamlash uchun 192 million funt sterling miqdorida kredit kafolati berishini aytgan.