Fransiya hukumati maktablarda musulmonlarning an’anaviy uzun libosi — abayya kiyishni taqiqlaydi. Bu haqda milliy ta’lim va yoshlar ishlari bo‘yicha vazir Gabriel Attal ma’lum qildi, deb yozdi Le Monde. Taqiq 4-sentabrda boshlanadigan yangi o‘quv yilidan kuchga kirishi kutilmoqda.

“Maktablarda endi abayya kiyish mumkin bo‘lmaydi. Siz sinfga kirganingizda, o‘quvchilarning dinini ularga shunchaki bir qarab aniqlay olishingiz kerak emas”, — dedi Attal.

Mazkur qaror bir necha oy davom etgan munozaralardan so‘ng qabul qilindi. Mamlakat maktablarida abayya kiyish holatlari ko‘paygan, o‘qituvchilar va ota-onalar o‘rtasida ziddiyat kuchaygan, deb ta’kidlaydi nashr.

Fransiya Ta’lim vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2023-yilning yanvar-may oralig‘ida maktablarda dunyoviylik tamoyillariga daxl qilish bo‘yicha 280 dan 625 tagacha murojaatlar kelib tushgan. Ularning aksariyati diniy kiyimlarni kiyish yoki ramzlardan foydalanish bilan bog‘liq.

Mamlakatdagi ko‘plab musulmonlar assotsiatsiyalarini birlashtiruvchi Fransiya Musulmonlar e’tiqodi kengashi abayya o‘z-o‘zidan diniy kiyim emasligini, balki arab madaniyati bilan bog‘liq kiyim predmetini aks ettirishini qayd etdi.

“Maktablarda o‘quvchilar va o‘qituvchilar uchun, ularning e’tiqodidan qat’i nazar, barcha uzun ko‘ylaklarni kiyish butunlay taqiqlanmagunicha aynan abayyaga qaratilgan chora-tadbirlarni diskriminatsiya va o‘zboshimchalik tuzog‘iga tushmagan holda amalga oshirib bo‘lmaydi”, — deyiladi The New York Times e’lon qilgan kengash bayonotida.

2004-yildan beri Fransiyada maktablarda diniy ramzlar yoki kiyimlarni kiyishni taqiqlovchi dunyoviylik to‘g‘risidagi qonun amal qiladi. Bularga islomiy kiyimlar, yahudiy kipalari (bosh kiyim) yoki nasroniylik xochlari kiradi.

Shuningdek, mamlakat rasmiylari 2010-yilda yuzni yopuvchi hijobni jamoat joylarida kiyib yurishni taqiqlagandi.